O‘zbekistonlik nogironligi bor bolalarga Norvegiyadan yuborilgan sovg‘alar o‘g‘irlangani aytildi. Rasmiylar rad etishdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Toshkent shahridagi 442-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanadigan, eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun Norvegiyadan yuborilgan sovg‘aning bir qismi yo‘qolgani aytilmoqda. Bu haqda Galiya Yafarova ismli internet foydalanuvchisi Facebook’da yozib qoldirgan postida ma’lum qilgan.
Hammasi nimadan boshlangandi?
Ma’lum bo‘lishicha, Yangi yil sovg‘asi sifatida Norvegiyadan yuborilgan qutida bolalar uchun mo‘ljallangan “kolgotka”lar bo‘lgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, 52 nafar tarbiyalanuvchi uchun yuborilgan sovg‘a ichidan 22 ta “kolgotka” solingan 1 ta paket sug‘urib olingan.

“Qanday qilib bu narsalarni posilkadan olib qo‘yishingiz mumkin? Siz yoki farzandlaringiz bundan chinakam iliqlikni his qilasizmi? Bu bolalar butun umr azob chekishga mahkum. Siz esa ular uchun mo‘ljallangan narsalarni tortib oldingiz, yangi yil syurprizi sifatida berilgan sovg‘alarni olib qo‘ydingiz.
Bilingki, bu qaytar dunyo va qilmishingiz o‘zingizga ikki baravar bo‘lib qaytadi. Qo‘limda bog‘cha hududida qutini ochganimiz tasvirlangan video va boshqa dalillar bor. Men 52 nafar tarbiyalanuvchini xursand qilish uchun pochta bo‘limidan bog‘chaga shunchalik shoshildimki... Oxirida esa umidsizlik va nafratga to‘ldim. Men siz haqingizda o‘ylaganlarimni hatto so‘z bilan ham aytolmayman!” deb yozgan Galiya Yafarova.
Ayolning yozishicha, Qushbegi dahasidagi pochta bo‘limidan jo‘natmani olayotganda qutining yon tomonlari qizil lenta bilan yopishtirilgani va g‘ijimlanganini ko‘rgan. Lekin o‘sha paytda u sovg‘alar o‘g‘irlangan bo‘lishi xayoliga ham kelmagani, chunki jo‘natmada sovg‘a nogiron bolalar uchun yuborilgani yozib qo‘yilganini aytadi.
“Jo‘natmani olgach, tezda taksiga chiqib, bog‘chaga shoshildim. Ular uxlashga yotgunlarigacha sovg‘alarni joy-joyiga qo‘yishni va ertalab uyg‘onganlarida bolajonlarni xursand qilishni xohladim. Lekin yakunda meni shunday “syurpriz” kutib turgan ekan.
Bizga jo‘natmani yuborgan qiz bilan bog‘landim. U menga qutining asl fotosuratini yubordi. Ushbu suratda quti butun va unga hech qanday qizil lenta yopishtirilmagan. Uni “hunarmandlar” qayerdadir shu holga keltirishgan. Men shunchaki hayratdaman, bog‘cha xodimlari ham. Qanday qilib bunday qilishlari mumkin?” deb yozadi internet foydalanuvchilarining savollariga javoban Galiya Yafarova.
“Jo‘natma bojxona postida umuman ochilmagan” – Toshkent shahar bojxona boshqarmasi
Ijtimoiy tarmoqda 28 dekabr kuni yozib qoldirilgan postga Toshkent shahar bojxona boshqarmasi 31 dekabr kuni rasman munosabat bildirib, jo‘natma ichidan tovarlar olib qo‘yilganini rad etgan.

“Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Bosh pochtamt» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan “O‘zbekiston pochtasi” AJ mas’ul vakillari bilan birgalikda mazkur jo‘natmaning bojxona nazorati jarayonlari yozib olingan videotasvirlar o‘rganildi.
Norvegiyadan fuqaro Galiya Yafarova nomiga yuborilgan mazkur xalqaro jo‘natma bojxona nazoratiga 27 dekabr kuni taqdim qilingan. Hujjatlarda 9 kg 975 gramm og‘irlikda deb ko‘rsatilgan jo‘natma bojxona postida o‘lchab ko‘rilganida, jo‘natma joylangan qog‘oz qutining namligi hisobiga 10 kg 100 grammni ko‘rsatgan. Bu esa jo‘natmadagi tovarlar olib qo‘yilmaganligini anglatadi.
Shuningdek, jo‘natmaga tegishli hujjatlar, uning og‘irligi va jo‘natmaning nazorat-rentgen tasvirlaridan so‘ng bojxona xodimlarida shubha tug‘ilmaganligi sababli, jo‘natmani ochib, ko‘zdan kechirishga zarurat tug‘ilmagan. Ya’ni jo‘natma bojxona postida umuman ochilmagan.
Shundan so‘ng shu kunning o‘zida bojxona posti xodimlari tomonidan jo‘natma belgilangan tartibda pochta aloqasi xodimlariga topshirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, jo‘natmani jo‘natish vaqtida unga kiyim-kechaklar ko‘rsatilgan miqdordan kam solingan, deb xulosa qilish mumkin. Mazkur holatga esa bevosita “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan oydinlik kiritilishi maqsadga muvofiq”, deyiladi rasmiy munosabatda.
“Jo‘natma joylangan quti tranzit davlatlar hududida shikastlangan” – AKT vazirligi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘zining tasarrufida bo‘lgan tashkilotga daxldor masala yuzasidan Kun.uz’ga Norvergiyadan yuborilgan sovg‘alar joylangan quti uchta davlat hududidan o‘tib kelgani va u aynan tranzit hududida shikastlanganini ma’lum qildi.
“Hozirgi kunda pandemiya davrida Respublikamiz hududida pochta jo‘natmalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib kelishi cheklangan bo‘lib, ayrim vaziyatlarda tranzit davlatlar orqali amalga oshirilmoqda. Shu sababli jo‘natmalarning yetib kelish muddatlari uzayishi, yo‘qolishi hamda tranzit yo‘nalishlaridagi ayirboshlash jarayonlarida shikastlanish holatlari uchramoqda.
Norvegiyadan imkoniyati cheklangan bolalar uchun yangi yil sovg‘asi tariqasida jo‘natilgan posilka ichidagi buyumlarning yetishmaslik holati yuzasidan zudlik bilan surishtiruv ishlari o‘tkazildi.
Ushbu holat bo‘yicha quyidagilar ma’lum bo‘ldi: jo‘natmaga tranzit orqali kelayotganda Niderlandiya davlatining pochta ma’muriyatida ishlov berilib, posilka yo‘lovchi kartasiga 10 kg og‘irlikda kiritilgan. Shundan so‘ng Turkiya davlati orqali tranzit bo‘lib, Toshkent aeroporti hududiga xuddi shu og‘irlikda kirib kelgan.
Jo‘natma Butunjahon Pochta Ittifoqi talablariga zid ravishda xalqaro pochta qopiga joylanmagan, tashqi o‘rovi (korobkasi) nam va shikastlangan holatda bo‘lgan. Jo‘natma keyingi manzilga beshikast yetishini ta’minlash uchun Toshkent xalqaro aeroportida qabul qilish jarayonida pochta xodimlari tomonidan qizil skotch yordamida o‘ram usti mahkamlangan.
Mijoz nomiga ochiq holatda kelgan jo‘natma oxirgi yuborilgan manzil pochta ma’muriyatiga posilkaning holati bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda tekshiruv xabarnomasi yuborilgan.
Va shuni inobatga olgan holda ushbu jo‘natma yuzasidan xizmat tekshiruvi ishlari tezkor ravishda olib borildi. Videokuzatuv uskunalari orqali suratga olingan lavhalar mijozga (ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilgan Galiya Yafarovaga) ko‘rsatildi. Videolavhalarda jo‘natmaning hech qaysi ichki joylanmasiga tegilmagani, O‘zbekiston hududiga qanday kirib kelgan bo‘lsa, shunday holatda mijoz qo‘liga topshirilganligi aniqlandi”, deyiladi tahririyatimizga AKT vazirligi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy munosabatda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda AKT vazirining matbuot kotibi Sherzod Ahmadov hozirgi kunda “O‘zbekiston pochtasi” tizimida oqsoqliklar kuzatilayotganini tan olgan. Uning aytishicha, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan kelgusida shu noxush holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda pochta jo‘natmalarining saqlanishi va o‘z egalariga butun holatda yetkazilishini ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, jumladan, joriy yilda pochta jo‘natmalariga ishlov berish, saralash va nazoratdan o‘tkazish jarayonlari amalga oshiriladigan barcha hududlar to‘liq videokuzatuv kameralari bilan ta’minlanganini ta’kidlagan.
Galiya Yafarova ijtimoiy tarmoqda o‘zi qoldirgan xabar bo‘yicha mas’ullar bilan uchrashgani, unga jo‘natma O‘zbekistonga yetib kelgunga qadar shikastlangani aks etgan videotasvirlar ko‘rsatilganini ma’lum qilgan.
“Mening oldimga hozirgina “O‘zbekiston pochtasi” AJning Toshkent pochtamti filiali, Xalqaro pochta va Toshkent xalqaro aeroporti vakillari kelishdi. Ular o‘zlari bilan bilan barcha hujjatlarni, kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlarni olib kelishdi.
Videoda men jo‘natmani tarozida tortgan jarayonni ko‘rdim. Aynan shu vaqtda pochta bo‘limi xodimi jo‘natma shikastlanganini ko‘rgani va uning ichidagi narsalar tushib ketmasligi uchun qutini lenta bilan yopishtirib qo‘yganini ko‘rdim. Ya’ni jo‘natma O‘zbekistonga shikastlangan holda kelgani ma’lum bo‘ldi.
Menga Norvegiya pochtasi jo‘natmani qadoqlashda xatoga yo‘l qo‘ygani, bunday jo‘natmalar qoplarga o‘ralishi kerakligi va quti ustida uning ichidagi mahsulotlar ro‘yxati bo‘lishi kerakligi haqidagi qoidaga e’tibor berilmaganini aytishdi. Toshkent pochtamti xodimlari meni jo‘natmalar har doim maxsus qisqich bilan yopilgan oq sumkada kelishiga ishontirishdi. Boshliq dahasidagi pochta bo‘limida bizga yuborilgan jo‘natma oppoq xalta ichida ko‘z o‘ngimizda ochilgan, demak, bu yerda ularning hech qanday aybi yo‘q.
Bojxona qo‘mitasi menga jo‘natma ularda bo‘lgan paytning suratini haligacha taqdim etmadi. Xalqaro pochtaga hech qanday shikoyatim yo‘q, chunki ular haqiqatan ham videoda o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchi bo‘lgan lahzalarni ko‘rsatishdi”, deb yozgan u Facebook’da qoldirgan izohida.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Galiya Yafarova 442-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti vasiylik kengashi raisi ekanini ma’lum qilgan. U rasmiylarning tushuntirishlari muammoga yechim bo‘la olmagani, yo‘qolgan buyumlar haligacha topilmaganini aytmoqda. Ayol, shuningdek, ushbu vaziyatda bojxonachilarning harakatlaridan ham norozi ekanini ta’kidladi.
“Menga faqat Xalqaro pochta orqali jo‘natma qabul qilib olingan jarayon ko‘rsatildi. “Toshkent pochtamti” filialidan kelganlar menga o‘z videokameralaridan olingan kadrlarni ko‘rsatishmadi. Ular jo‘natmani “Xalqaro pochta”dan qopga o‘ralgan holatda qabul qilib olganliklarini aytishdi.
Bojxonachilardan esa umuman noroziman. Chunki ular shu paytgacha jo‘natma ularning hududiga yetib kelgani aks etgan videoni ham, fotosuratlarni ham taqdim etishgani yo‘q. Axir yo‘qolgan narsalar topilmayotgan paytda bu orqali muammoning yechimi topilishi mumkin edi.
Xalqaro pochtadagilar menga jo‘natmani yuborgan qiz xato qilgan bo‘lishi mumkinligi, kolgotkalar avvalboshdan yetarli miqdorda yuborilmagani ehtimoldan xoli emasligiga shama qilishdi. Bu esa kulgili. Men bilan aloqada bo‘lib turgan va jo‘natmani yuborgan qiz Norvegiya do‘konidan sotib olingan narsalar soni haqidagi barcha xarid kvitansiyalarini menga taqdim etdi. O‘zbekistondagi rasmiylar u haqda noto‘g‘ri gumonga borishayotganini aytganimda esa bundan g‘azablandi.
Kecha men Xalqaro pochta va Toshkent pochtamti filiali vakillariga aftidan endi biz hech narsani isbotlay olmasligimizni aytdim. Chunki kalavaning uchi yo‘q. Mayli, yo‘qolgan kolgotkalar jo‘natmaning yo‘qolishiga sababchi bo‘lganlar uchun bizning nogiron bolalarimizdan sadaqa bo‘lsin. Bu narsalarga bolajonlar bizdan ko‘ra ko‘proq muhtoj edilar va bo‘lgan ishlar mas’ullarning vijdoniga havola.
Bojxona vakili bog‘chadagi birinchi yig‘ilishda shunchaki yo‘qolgan kolgotkaning narxini to‘lashni taklif qildi. Men rad etdim. Axir gap faqatgina kolgotkalarda emas, balki nogironlarga mo‘ljallangan narsalarning o‘g‘irlanganida edi. Chunki jo‘natmaning ustida u kimlar uchun sovg‘a ekani ko‘rsatilgandi. Shunday bo‘lsa ham, bu narsani olganlarning qo‘li titramaganiga hayron qoldim.
Agar Facebook’da qoldirgan postim ostidagi sharhlarni o‘qib chiqsangiz, bunday holatga tushganlar faqat men emasligimga amin bo‘lasiz. Ko‘pchilik jo‘natmalar o‘zlariga yetib kelguncha ularning vazni yengillashib qolgani haqida yozgan. Sizningcha, ularning zarari qoplab berilganmi? Aslo unday emas. Kecha menga vaziyat bo‘yicha tushuntirish berganlar bu holatga jo‘natmani yuboruvchining belgilangan me’yorlarga amal qilmasligi sabab bo‘lishini aytishdi. Shu sabab bizning holatda ham yo‘qolgan narsalar agar o‘g‘irlangan bo‘lsa ham, endi topilmasa kerak”, deydi Galiya Yafarova.
Tavsiya etamiz
Zelenskiydan mamnun, Rossiya zarbalaridan hafsalasi pir bo‘lgan. Trampning oxirgi bayonotlaridan asosiy gaplar
Jahon | 16:21 / 28.04.2025
Turkiyalik erkak operatsiyadan keyin ona tilini unutib, boshqa tilda gapirishni boshladi
Jahon | 19:42 / 27.04.2025
Havo isib ketishi va qurg‘oqchilikka tayyor turishimiz kerak – Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 15:55 / 26.04.2025
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37
-
«10 yilgacha deport va 26 ming dollar jarima» – Saudiya hukumati noqonuniy Haj uchun jazo choralarini e’lon qildi
O‘zbekiston | 11:20
-
Parlamentda g‘oyalar to‘qnashuvi: Navbatdagi yalpi majlis qanday o‘tdi?
O‘zbekiston | 11:10
-
Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston yo‘nalishida yuk tashuvchilar ogohlantirildi
O‘zbekiston | 10:31
Mavzuga oid

22:17 / 29.04.2025
Shpitsbergen arxipelagidagi yer maydoni 300 mln yevroga sotilishi mumkin

14:13 / 16.02.2025
Farg‘onada o‘g‘irlikka tushgan yigit onani bolalari ko‘z o‘ngida o‘ldirdi

16:49 / 15.02.2025
Ta’lim olish sog‘liq uchun foydali ekani isbotlandi

22:58 / 04.02.2025