O‘zbekiston | 13:36 / 02.01.2022
30915
8 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi hammomda gaz portlashi: guvohlar va jabrlanuvchilar voqeani qanday eslaydi?

31 dekabr kuni soat 17:00da Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Qorayantoq qishlog‘ida joylashgan hammomda gaz-havo aralashmasi portladi. Natijada hammom binosining tom qismi qulab tushgan. Uch kishi o‘sha joyda vafot etgan, yana to‘rt kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, hammomning ayni paytdagi holati haqida fotoreportaj tayyorladi, tafsilotlarni o‘rgandi, guvohlar so‘ziga quloq tutdi, portlash chog‘ida hammomda bo‘lgan va hozir shifoxonada davolanayotganlar bilan suhbatlashdi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Hammom yaqinidagi do‘kon sotuvchisi ko‘rganlarini gapirib berdi.

Olloyorbek Mirzavaliyev. Sotuvchi. Foto:Kun.uz

«O‘sha kuni tushlikdan keyin 16:30-17:00 lar atrofida do‘kon ichida qattiq silkinish bo‘ldi. Tashqariga chiqsak — sauna tomi tutayotgan edi. Keyin tumonat odam to‘plandi.

Avvaliga biz buni yer silkinishi deb o‘yladik. Eshik va tomlar qimirlab ketdi. O‘sha paytda do‘kon ichida 4-5 xaridor bor edi. Hamma qo‘rqib ketdi. Sauna mahalladoshimiz Ro‘zali akaga qarashli bo‘lib, 2021 yili ishga tushgandi», deydi sotuvchi Olloyorbek Mirzavaliyev.

Cauna uchun o‘rnatilgan GRP. Foto:Kun.uz

Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ahliddin Alijonov portlash bo‘yicha bungacha vazirlik bergan ma’lumotni takrorladi.

FVB axborot xizmati rahbari Ahliddin Alijonov Foto:Kun.uz

«31 dekabr kuni soat 17:00larda Uchko‘prik tumani «Qorayantoq» MFYda joylashgan hammomda gaz havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgan. Buning oqibatida hammomning tom qismi qulab tushgan. Voqea joyida 3 kishi halok bo‘lgan, 4 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan. Yong‘in qutqaruv ekipajlari tomonidan tonggacha qidiruv qutqaruv ishlari amalga oshirildi.

Hozirda sodir bo‘lgan holat yuzasidan tegishli xizmatlardan ishchi guruh tashkil etilib, tergovga qadar surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda», deydi u.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb qilingan ekskavator haydovchisi Bekzod Qodirov tungi 2:30 gacha hodisa joyida ishlaganini aytdi.

Bekzod Qodirov. Foto:Kun.uz

«Samsungchi bo‘lib ishlayman. Kecha yordamga chaqirishdi, keldim. Voqea joyiga soat 17:30-18:00 atrofida keldim. Tungi 2:30 largacha «Ivanovets» krani uchun yo‘l ochib berdik. Kelsak hamma narsa sochilib, maydalanib ketgan ekan», deydi u.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Shu mahallada yashovchi Iminjon Razzoqov portlash joyidan bir kishini qutqarib olgani hamda ag‘nagan plitalarni ko‘tarish uchun ekskavator va kran olib kelgani haqida so‘zlab berdi. 

Iminjon Razzoqov. Mahalla faoli. Foto:Kun.uz

«Bayram kunida soat 16:00larda hovlimizda mehmonlar bor edi. Ular uchun ovqat tayyorlab turgan edik. Shu payt gumburlagan ovoz eshitildi. Shundan keyin sauna tomonga yugurdik. Kelib portlash holati ustidan chiqdik.

Ichkarida qolgan odamlardan birini qutqarishga yordam qildik. Og‘ir jarohat olganlar ham bor ekan. Shundan keyin men ag‘nab tushgan plitalarni ko‘tarish uchun Samsung va kran olib kelishga chiqib ketdim. Yigitlar bilan birga ichkaridagi bir qancha odamni qutqarib oldik. Men shu yerdaligimda bir kishini qutqarib oldik. Qolganlarini boshqa yigitlar chiqarib olishdi», deydi u.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Hammom ichida bo‘lib hodisadan omon qolganlar bilan suhbatlashish uchun Uchko‘prik tumani shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga bordik.

Foto: Kun.uz
Shukrullo O‘sarov. Jabrlanuvchi. Foto:Kun.uz

Hammom portlagan paytda ichkarida bo‘lgan Shukrullo O‘sarov o‘zi guvoh bo‘lgan holat haqida gapirib berdi.

«31 dekabr kuni yuvinib poklanib olish uchun hammomga bordik. Soat 15:30-16:00 lar atrofida edi. 10 daqiqada cho‘milib chiqdim. Kiyinish xonasiga chiqib, kiyinib ham bo‘lgandim. Kurtkamni kiyaman deb turgan paytimda orqa tomondan qandaydir gumburlagan ovoz keldi. Shu paytda pastda yiqildim. Keyin tashqariga yugurib chiqib ketdim.

U yerdagi holatni qanday tasvirlab berishni ham bilmayman hozir. Oynalar singan, oyna romlari to‘kilib ketgan. Holat juda og‘ir edi. Hammomga mashinamda borgandim. Tashqarida mashina ichida do‘stim chiqishimni kutib o‘tirgandi. Qo‘limdan qon oqardi. Qonni to‘xtatish uchun bilak qismidan bog‘ladik-da, tez tibbiy bo‘limiga keldik.

Men cho‘milgan xonada yana 3 kishi qolgandi. Ularni keyin ko‘rganim yo‘q. Portlaganda o‘zim yiqildim. Yiqilgan paytda qo‘lim kesilganini hatto sezmadim», deya eslaydi u.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Murodjon Abdulhamidov hammomga 4 kishi bo‘lib kelishgani, ikki do‘stidan ayrilib qolganini so‘zlab berdi.

 Murodjon Abdulhamidov. Foto: Kun.uz

«Soat 15:30-16:00 lar chamasida 4 kishi hammomga cho‘milgani bordik. Cho‘milib bo‘lib tashqariga chiqay deb turganimizda gumburlash ovozi eshitildi. 5-10 daqiqa yotdim o‘sha yerda. O‘zimga kelganimdan keyin mashinaga o‘tirib, shifoxonaga keldim.

Portlashdan keyin kiyimimni olgani kirganimda hammom yer bilan bitta bo‘lgan ekan. Hammomda alohida bitta bo‘sh xona bor ekan, o‘sha xonaga o‘zim kirgandim. Yakka o‘zim cho‘milib bo‘lib endi kiyinayotgan edim.

Men bilan birga borgan 3 hamrohim mendan keyin hammomning boshqa xonasiga kirib ketgan ekan. Hammomga birga borgan do‘stlarimdan ikkisi halok bo‘libdi. Ikki kishi tirik qoldik. Do‘stlarim hammom ichida halok bo‘lganini shifoxonada bildim», deydi u.

Foto: Kun.uz

Shifokorlarning ta’kidlashicha, hodisada jabr ko‘rgan Murodjon Abdulhamidov va Shukrullo O‘sarovning holati yaxshi. Erta-indan uylariga ketish uchun ruxsat berilishi kutilmoqda.

Bahodir Ergashev. Uchko‘prik tumani tibbiyot birlashmasi travmatologi. Foto: Kun.uz

Shuningdek, Qo‘qon shahridagi tez tibbiy bo‘limda muolaja olayotgan hodisa jabrdiydalaridan birining holati qoniqarli, yana biriniki esa og‘ir ahvolda qolmoqda.

Surishtiruv jarayonida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Qorayantoq qishlog‘i gaz tarmog‘idan 2012 yilda uzib qo‘yilgan ekan.

 

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

«Xayriyatki, qishlog‘imiz gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgani, aks holda mana shunday portlashlarning tez-tez guvohi bo‘larmidik...», deydi qo‘shni mahallada yashovchi ayol.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid