18:27 / 02.01.2022
9440

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti boshchiligida klub faoliyati muhokama qilindi

Foto: O‘zbekneftgaz

2021 yilning mart oyidan boshlab “Bunyodkor” futbol klubi Kuzatuv kengashi qarori bilan Klub prezidenti sifatida ish boshlagan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev o‘tgan yilda klub nimalarga erishdi-yu, nimalarni yo‘qotgani, 2022 yilda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar rejalari yuzasidan Bosh direktor Ulug‘bek Mirzayev, Bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov, “Fan-klub” a’zolari yetakchisi Shavkat Imomov bilan uchrashdi.

Klub prezidenti avvalo, asosiy maqsad va vazifa O‘zbekiston Respublikasida futbolni rivojlantirishga, jumladan, bolalar-o‘smirlar, professional hamda ommaviy futbolni keng targ‘ib qilishga qaratilganini ta’kidlab o‘tdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bundan tashqari, Klubning bosh vazifasi asosiy jamoaning milliy chempionat, O‘zbekiston kubogi va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishi, qolaversa, yoshlar, ayollar mini-futbol, shuningdek, I va II liga jamoalarimizning O‘zbekiston chempionatlaridagi muvaffaqiyatli ishtirok etishiga qaratilgan bo‘lsa-da, afsuski, o‘tgan yilda kutilgan natijalarga erishilmagani tanqid qilindi.

Uchrashuv davomida, Klub Bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev va Bosh murabbiyning 2021 yil sarhisobi hamda 2022 yil rejalar bo‘yicha hisoboti tinglandi. Ulug‘bek Mirzayev O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga “Bunyodkor”dan besh nafar futbolchi jalb etilganini bildirib, yoshlar erishayotgan yutuqlar bo‘yicha ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov jamoani qabul qilib olganiga ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramay, har bir futbolchi bilan alohida muloqot yo‘lga qo‘yilib, ularning jismoniy va ruhiy holati o‘rganilgani, 2021 yilgi natijalardan o‘zi ham qoniqmagani va 2022 yilda jamoa faqat sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini bildirdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Bosh murabbiyga imkon berishini va 2022 yilgi natijalarga qarab uning faoliyati bo‘yicha xulosa qilishini aytib, faqat g‘alaba uchun maydonga tushish kerakligini, nafaqat milliy chempionat, kubok bahslari balki xalqaro maydonda ham jamoa o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerakligi borasida topshiriqlar berdi.

Jamoani shakllantirishda seleksiya ishlarini olib borish, yosh futbolchilarga imkon berish, korrupsiya va tanish-bilishchilikka mutlaqo o‘rin bermaslik bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, “Bunyodkor” FKning bolalar-o‘smirlar futbol maktabi tarbiyalanuvchilariga alohida e’tibor berish hamda ular uchun zarur sharoitlarni yaratish kerakligi ta’kidlandi.

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘z navbatida 2022 yilda klub va uning xodimlarini, jamoa va barcha futbolchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor berilib, rag‘batlantirish masalalari qayta ko‘rib chiqilishi, o‘zining fidoyiligini namoyish qilgan har bir ishchi-xodim va futbolchi, murabbiy, jamoa a’zosi rag‘batlantirilishi aytildi. Shuningdek, Mehriddin Abdullayev 2022 yilda jamoaga omad tiladi.

 “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Top