Jahon | 16:48 / 04.01.2022
5421
2 daqiqa o‘qiladi

Litva prezidenti mamlakatda Tayvan vakolatxonasi ochilishini xato deb atadi

O‘tgan yil noyabrida Litvada Tayvan vakolatxonasi faoliyat boshlaganidan so‘ng Vilnyus va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi.

Foto: TASS/Zuma

Litvada boshqa mamlakatlardagi kabi Taybey emas, Tayvan vakolatxonasi ochilishi xato qaror bo‘lgan. Bu haqda Litva prezidenti Gitanas Nauseda Ziniu Radijas radiosiga bergan intervyusida aytdi.

"Vakolatxonaning ochilishi emas, uning nomlanishi xato bo‘lgan, tashqi ishlar vazirligi bu borada men bilan kelishmagan", - dedi u.

"Afsus, vakolatxonaning nomlanishi Xitoy bilan munosabatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi omil bo‘ldi. Endi buning oqibatlarini bartaraf etishga to‘g‘ri keladi", - deb ta’kidladi Nauseda.

O‘tgan yil noyabrida Litvada Tayvan vakolatxonasi faoliyat boshlaganidan so‘ng Vilnyus va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Vakolatxonaning nomlanishidan norozi bo‘lgan Xitoy o‘z elchisini Vilnyusdan chaqirib oldi va Litvaga ham o‘z elchisini chaqirib olishni tavsiya qildi. Noyabr oxirlarida esa Vilnyusdagi elchixonasini vakolatxonaga o‘zgartirdi.

Pekin shuningdek, iqtisodiy bosimni ham ishga soldi: Litvaga temir yo‘l tashuvlarini to‘xtatib qo‘ydi, Litva korxonalari uchun kredit limitini kamaytirdi. Dekabr boshlarida Litvani o‘z bojxona tizimidan o‘chirib tashladi. Natijada litvalik eksportchilar o‘z mahsulotlarini Xitoyda rasmiylashtira olmadi. Bundan tashqari, Pekin xalqaro kompaniyalarni Litva korxonalari bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Xitoyga kiritilmasligi haqida ogohlantirdi.

Ma’lumot uchun, Yevropaning boshqa mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Tayvan vakolatxonalari “Taybey ofisi” yoki “komissiyasi” deb ataladi, ya’ni Litvadagi kabi “Tayvan” so‘zi qo‘llanilmaydi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid