O‘zbekiston | 09:38 / 05.01.2022
17504
1 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» O‘zbekiston va Tojikistondan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshladi

Afg‘onistondagi «Tolibon» harakatining muvaqqat hukumati avvalgi tuzum qulashi chog‘ida O‘zbekiston va Tojikistonga olib chiqib ketilgan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda jurnalistlarga toliblar muvaqqat hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy ma’lum qildi.

Foto: Anadolu agency

Uning eslatishicha, afg‘on uchuvchilari qo‘shni Tojikiston va O‘zbekistonga 40 tadan ortiq vertolyotlarni olib qochgan.

Samangoniyning aytishicha, hozirda toliblar Toshkent va Dushanbe bilan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, biroq transport vositalari qachon qaytarilishi hozircha ma’lum emas.

«Tolibon» muvaqqat hukumatidagi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inoyatulla Xorazmiy, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlariga vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha murojaat allaqachon berilganini, biroq hozircha ijobiy javob yo‘qligini aytdi.

Afg‘onistonda avvalgi hukumat davrida 164 tadan ortiq vertolyot bo‘lgan, ularning aksariyati AQShdan olib kelingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid