KXShT asosan Rossiyaga bog‘liq tashkilot - siyosiy tahlilchi
O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov Qozog‘istondagi namoyishlar vaqtida mamlakatga KXShT kuchlarining kiritilishi va buning Qozog‘iston hamda mintaqa davlatlari uchun nimalarni bildirishi borasida o‘z fikrlarini aytdi.
“Bu juda katta mavzu. KXShT harbiy kuchlarining Qozog‘istonga kirib kelishiga hech qanday sabab yo‘q edi. Mutlaqo yo‘q. Buni noto‘g‘ri qaror deb bilaman.
Buning noto‘g‘ri qaror bo‘lganini hatto qozog‘istonliklar ham aytyapti. Chunki endi shu qaror ortidan Qozog‘iston o‘z mustaqilligini yo‘qotishi mumkin, degan fikrlar ham yangrayapti.
Shuningdek, KXShT kuchlarining Qozog‘istonga olib kirilishi ortidan endilikda bu qanday suveren davlatki, u o‘zini-o‘zi boshqarolmasa, himoya qilolmasa, degan fikrlar ham paydo bo‘ldi.
Bu juda nozik qaror. Qaytaraman, bunga sabab yo‘q edi”, – dedi Farhod Tolipov Kun.uz'ga bergan intervyusida.
Tahlilchi Kollektiv xavfsizlik tashkiloti asosan Rossiyaga bog‘liqligini aytadi.
“Tashkilot 1992 yilda tuzilgan bo‘lsa-da, shu paytgacha u o‘zini ko‘rsatmagandi. Umuman, bunga zarurat ham bo‘lmagan. Mana endi bu tashkilot kuchlarini xuddi kerakdek qilib ko‘rsatishmoqda.
Xo‘sh, Qozog‘istonga aslida qaysi davlat kuchlari keldi? Asosan Rossiya va Belarus. Armaniston esa 70tacha askar yubordi, ular bundan ortig‘iga qodir ham emas, buni Ozarboyjon bilan bo‘lgan urushda ko‘rdik-ku. KXShT – asosan Rossiya ustuvor bo‘lgan va unga tayangan tashkilot.
“Spravedlivaya Rossiya” (“Adolatli Rossiya”) partiyasi rahbari, deputat Sergey Mironov bir necha kun avval juda-juda qaltis bayonot bilan chiqdi.
U aytdiki: “KXShT kuchlari endilikda Qozog‘istonda doimiy qolishi kerak. Baza yaratilishi kerak. Ular endilikda u yerdagi rusiyzabon xalqni himoya qiladi va ekstremizmga qarshi kurashadi”.
Men bu taklifni qozoqlarga nisbatan hurmatsizlik deb tushundim”, – dedi u.
Farhod Tolipov rossiyalik deputat so‘zlaridan kelib chiqib, shunday savolni o‘rtaga tashladi:
“Xo‘sh, KXShT rusiyzabon xalqni qanday himoya qiladi? Bu axir armiya-ku. Xo‘sh, Qozog‘istondagi rusiyzabonlar hozir qanday tazyiqqa uchrayotgan ekanki, harbiylar ularni himoya qilsa?
Nima, ular quvg‘in qilinyaptimi? Bunaqa holat yo‘q-ku. Sergey Mironov bu yerda shunchaki sun’iy muammo o‘ylab topyapti.
Bu – qozoqlar uchun juda qaltis va qo‘pol gap. Ekstremizmga qarshi kurashish uchun esa har bir davlatning o‘z maxsus kuchlari mavjud. Ekstremizm hech qachon armiya bilan kelmaydi. Terroristlarning armiyasi yo‘q. Agar bular terroristik guruh bo‘lsa, ularga qarshi kurash uchun davlatning o‘z kuchi bor. Buning uchun KXShTning keragi yo‘q.
Agar bu harakatlarga Mironovning yuqoridagi gaplarini qo‘shsak, bu yerda Rossiyaning yana o‘sha neoimperialistik siyosati ko‘rinadi”, – dedi tahlilchi.
Tolipov mavzu borasida fikrlarini davom ettirarkan, KXShT kuchlarining kiritilishi nafaqat Qozog‘iston, balki mintaqa davlatlari uchun ham xavfli ekanini urg‘uladi.
“Biz bilamiz, hozir Tojikistonda va Qirg‘izistonda ham Rossiya qo‘shinlari mavjud. Qozog‘istonda bunday qo‘shinlar yo‘q edi, lekin Mironovning bu boradagi bayonoti ham jarangladi. Umid qilamanki, bu bayonot amalga oshmaydi va oxir-oqibat KXShT kuchlari Qozog‘istondan chiqib ketadi.
Qozog‘istonliklarning g‘ururi va sha’ni bor. Umuman, ularning o‘z kuchi va salohiyati ham yetarli. O‘ylashimcha, KXShT kuchlari Qozog‘istondan tezda chiqib ketadi. Aks holda To‘qayevning ham siyosiy taqdiri ma’lum bo‘lib qoladi. U o‘zi o‘tirgan daraxtga bolta urmasa kerak.
KXShTga bir vaqtlar O‘zbekiston ham a’zo edi va 2012 yilda biz undan chiqib ketganmiz. Islom Karimov buni O‘zbekiston bundan buyog‘iga harbiy bloklarda ishtirok etmasligi bilan izohlagandi. Bu Karimovning eng oqilona qarorlaridan biri bo‘lgan.
Umuman, O‘zbekistonning harbiy va mudofaa doktrinasida ham harbiy bloklarda ishtirok etmaslik belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun ham, bu blokka kirish uchun bizda hech qanday sabab yo‘q.
Xudoga shukur, biz tinch davlatda yashayapmiz, agar qandaydir voqea sodir bo‘lsa ham, uni hal qilishga O‘zbekistonning o‘z salohiyati yetarli. O‘zbekiston har qanday tahdidni ortga qaytarishga qodir”, – dedi Farhod Tolipov.
Bugun, 11 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev KXShT kuchlarining asosiy missiyasi yakunlanganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, harbiy kontingentni olib chiqish 2 kundan keyin boshlanadi va uzog‘i bilan 10 kun davom etadi.
Mavzuga oid
15:50 / 04.11.2024
KXShT bosh kotibi: Dunyoda kuchayib borayotgan chaqiriq va tahdidlarga davlatlar yakka o‘zi tura olmaydi
15:00 / 19.10.2024
Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
21:12 / 17.10.2024
O‘zbekiston hech qanday harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi - Akmal Saidov
23:18 / 31.08.2024