O‘zbekiston | 17:22 / 11.01.2022
1434
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda fuqaroning uyidan 60 million so‘mni o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olindi

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida fuqaroning uyidan 60 million so‘mni o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Paxtachi tuman Gulshan mahallasida yashovchi fuqaro tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida 2022 yilning 8 yanvar kuni soat 17:00 dan 22:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxslar yashash hovlisida hech kim yo‘qligidan foydalanib, devor oshib kirib, uyidan 60 million so‘m pullarini o‘g‘irlab ketganligini bildirgan.

IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Paxtachi tumani Toma mahallasida istiqomat qiluvchi, 1997 yilda tug‘ilgan E.G‘. sodir qilganligi aniqlangan. Undan 54 million 500 ming so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169 moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid