O‘zbekiston | 18:30 / 13.01.2022
20582
4 daqiqa o‘qiladi

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Diniy idora oldidagi eng muhim vazifa va muammolar haqida gapirdi

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Kun.uz bilan suhbatda idora oldida turgan eng muhim vazifa va muammolarni sanab o‘tdi.

«Oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz. Avvalo, aytishim kerakki, diniy idora o‘z nomi bilan barcha musulmonlarning idorasi. Xohlardimki, jamiyatda yashayotgan va o‘zini musulmon deb bilgan har bir kishi shu idorani o‘z idorasi deb bilsa. Chunki, bu idoraning yutug‘i – musulmonning yutug‘i, kamchiligi esa hammamiznikidir.

Bundan tashqari, bugun oldimizda turgan eng og‘ir masala bu – fatvo masalasi hisoblanadi. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, hozir internetda, ijtimoiy tarmoqlarda hamma fatvo beryapti. U xoh domla bo‘lsin, bo‘lmasin, xoh berishga haqli bo‘lsin, bo‘lmasin. Mana shu masala bizni eng ko‘p tashvishga solyapti.

Aslida fatvo beruvchi degani bu – muftiy degani. Men oddiy xalqqa yoki imomlarga aytamanki, shu mas’uliyatni gardaningizga olishdan qo‘rqing.

Men imomligimda buni bilmasdim, lekin muftiylik mas’uliyati yelkamga tushgach, shularni o‘ylab, ko‘zimdan uyqu yo‘qoldi. Chunki endilikda millionlab musulmonlarga fatvo berishdek qiyomatli masalani qabul qildim. Bu oson emas.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov

Shuning uchun, hozir biror fatvoni qabul qiladigan bo‘lsak, o‘sha masalani avvalo ulamolardan iborat fatvo bo‘limimizga taqdim qilyapmiz. Ulamolar fatvo masalasida barcha masalani chuqur o‘rganib, keyin xalqqa yetkazyapti.

Biz shulardan kelib chiqib, fatvo masalalarini kuchaytirmoqchimiz. Bu borada Alloh nasib qilsa, fatvo bo‘limimizni Fatvo markaziga aylantiramiz.

Undagi malakali imomlarni esa yanada ko‘paytiramiz. Kerak bo‘lsa, ularni «Dorul-ifto»ga malaka oshirishga ham yuboramiz.

Bu mening muftiylikdagi eng katta vazifalarimdan biri», – dedi Nuriddin Xoliqnazarov.

O‘zbekiston musulmonlar idorasining yangi raisi faoliyatidagi yana bir islohot yo‘nalishi sifatida ta’limdagi islohotlarni ko‘rishini ham ta’kidladi.

«Prezidentimizning ham har ikki gapidan biri ta’lim, ilm haqida bo‘lmoqda. Biz madrasalardagi ta’lim sifatini oshirish maqsadida o‘sha joylardagi ilm dasturlarini qaytadan ko‘rib chiqyapmiz.

Hozir ba’zi madrasalarda tajriba tariqasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari va Usmonxon domlaning (marhum muftiy Usmonxon Alimov – tahr.) kitoblaridan kirityapmiz. Talabalar ularning kitoblaridan ham darslik sifatida foydalansin.

Uslubiyatimizni ham o‘zgartiryapmiz. Bundan tashqari, ta’lim muassasalaridagi talabalarimiz bir necha tilda gapira olish malakasiga ham ega bo‘lsin.

Albatta, yurtda yashayotgan har bir mo‘min-musulmonning haq-huquqi, diniy ehtiyojlarini amalga oshirish bizning eng katta maqsadlarimizdan.

Bularni amalga oshirish uchun eng oxirgi kuchimiz qolguncha ishlashni maqsad qilganmiz», — dedi Nuriddin Xoliqnazarov.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid