Avvalroq intervyuning birinchi qismi «Yangi muftiy. O‘zbekistonlik musulmonlar undan qanday o‘zgarishlar kutishi mumkin? | Nuriddin Xoliqnazarov bilan intervyu» sarlavhasi bilan e’lon qilingandi.
Quyida uning ikkinchi qismi matni bilan tanishishingiz mumkin.
— Yaqinda umra va haj ziyorati masalasida Saudiyada bo‘lib qaytdingiz. Xo‘sh, O‘zbekiston musulmonlari uchun Umra ziyoratiga borish imkoniyatlari qachon ochilishi kutilmoqda?
Shuningdek, O‘zbekistondagi fuqarolar emlanayotgan vaksinalarning Saudiya Arabistonida hisobga olinishiga erishildimi?
— Pandemiya hamma soha va yo‘nalishlarga ta’sir qildi. Jumladan, Umra ishlariga ham.
Buni xalqimiz, mo‘min-musulmonlar to‘g‘ri tushunishlari kerak. Umra va hajning to‘xtab qolishi va u yerda amalga kirgan talablar bizning talablarimiz emas, bu Saudiya podshohligining talablari.
Bizning Saudiya davlatiga qilgan safarimizdagi eng katta missiya – Umra uchun ruxsat berilgan davlatlar qatoriga O‘zbekistonni ham kiritish edi. Inshaalloh, umraga ruxsat berilgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston ham bor. Haj haqida gapirishga esa hali erta.
Biz Saudiyaga borgach, bir nechta shirkatlar bilan muzokaralar o‘tkazdik. Chunki o‘zbekistonlik musulmonlar u yerga borarkan, aniq shirkatlar ularni kutib olib, sifatli xizmat ko‘rsatishi kerak.
Biz shu muzokaralar davomida 20 ga yaqin shirkatlar bilan gaplashdik va ular orasida eng qulayini tanlab oldik.
Biz tanlab olingan shirkatga shunday talab qo‘ydikki, Saudiyaga bizdan borgan musulmonlar eng yaxshi mehmonxonalarga joylashsin va u mehmonxona Haramga yaqin bo‘lsin. Inshaalloh, bunga erishyapmiz.

— Vaksina borasida...
— Vaksinalar borasida ham Saudiyaning o‘z talablari bor. Bu ishlar bilan Saudiya podshohligining Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Haj va Umra ishlarini tashkillashtirish vazirligi shug‘ullanar ekan.







