«Bu munosabatlarimizga ta’sir qilmaydi» - «Tolibon» vakili O‘zbekiston bilan aviatsiya texnikasi bo‘yicha muammo haqida
«Tolibon» matbuot kotibi Suhayl Shahin aviatsiya texnikasi atrofidagi qarama-qarshiliklar haqidagi savolga javob berar ekan, ular qardosh davlatlar bilan munosabatlarga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. Bu haqda Telegram’dagi «Nigoh» kanali xabar berdi.
U Islom amirligi O‘zbekiston bilan azaldan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgani va ega ekani hamda bu davlat uzoq vaqtdan beri «Tolibon»ning siyosiy rahbariyati bilan yaxshi aloqa o‘rnatganini qayd etgan.
«O‘zbekiston Afg‘oniston xalqiga bir necha bor insonparvarlik yordami jo‘natgan, buning uchun biz undan minnatdormiz. Bu davlat Afg‘onistondagi megaloyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish niyatida. Biz ikkalamiz ham musulmon davlatmiz hamda bir-birimiz bilan tinchlik va birodarlikda yashashni xohlaymiz. Biz bu va boshqa har qanday masalani diplomatiya yo‘li bilan hal qilishimizga ishonaman», degan u.
Avvalroq «Tolibon» mudofaa vaziri mavlaviy Muhammad Yoqub O‘zbekiston va Tojikistonni afg‘on vertolyotlarini qaytarishga chaqirgandi. U aviatsiya texnikalari Afg‘oniston boyligi hisoblanishi va ular qaytarilishi kerakligini ta’kidlagandi.
«Tojikiston yoki O‘zbekistonda turgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz ushbu samolyotlarning xorijda qolishiga yoki ushbu davlatlar tomonidan ishlatilishiga ruxsat bermaymiz», degandi Mulla Yoqub. U agar davlatlar aviatsiya texnikalarini qaytarib bermasa, «oqibatlariga duch kelishlari» haqida ogohlantirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati 164ta harbiy samolyot va vertolyotga ega bo‘lgan, hozirda esa ularning 81tasi Afg‘oniston ixtiyorida. Qolganlari esa Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 14−15 avgust kunlari Afg‘onistonning 22ta harbiy samolyoti va 24 ta vertolyoti O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
19:21 / 01.11.2024
Oxunzoda va Haqqoniy qarama-qarshiligi: «Tolibon» rahbariyatida nizo avj oldimi?
23:27 / 27.10.2024
OAV: «Tolibon» ayollarga bir-biri bilan gaplashishni taqiqladi
20:59 / 14.10.2024