O‘zbekiston | 07:37 / 14.01.2022
3972
2 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya loyihalari yangi shartlar bo‘yicha amalga oshiriladi

Foto: Paul Yeung / Bloomberg

Hukumatning “Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalarida nizoli vaziyatlarning oldini olish va ushbu sohadagi nizolarni samarali hal etish, yer uchastkalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan nizomning 33-bandiga ikkita xatboshi kiritildi. Ularga ko‘ra, bayonnomada investitsiya loyihalari ushbu hududda amalga oshirilishiga rozilik bergan yoki qarshi bo‘lgan mulkdorlar ko‘rsatilishi shart, ochiq muhokama davomida investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan yer uchastkasida investitsiya loyihasi amalga oshirilishiga bitta mulkdor qarshi bo‘lgan taqdirda ham mazkur hududda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nizomning 47-bandi yangi tahrirda bayon etildi. Unga ko‘ra, mulkdorlarning roziligini olish imkoni bo‘lmaganda, investor ularning ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha beriladigan kompensatsiya miqdori, turlari va muddatini belgilash to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Ilgari, investor bunday mulkdorlarning ko‘chmas mulk obektlarini majburiy sotib olish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid