O‘zbekiston | 20:04 / 19.01.2022
5223
3 daqiqa o‘qiladi

Kuniga o‘rtacha 45−50 mingta PZR-test olinmoqda - SVV

O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 45−50 ming kishi koronavirusni aniqlash maqsadida PZR-test topshirmoqda. Dekabrning so‘nggi haftasida ushbu ko‘rsatkich 15−20 mingtani tashkil qilgandi.

O‘zbekistonda har kuni o‘tkaziladigan koronavirus aniqlash bo‘yicha PZR testlari soni so‘nggi kunlarda o‘rtacha 45−50 mingtagacha o‘sdi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma’lumotiga asoslanib, SSV matbuot xizmati xabar berdi.

5−15 yanvar kunlari jami 300 mingdan ziyod PZR-test sinamasi o‘tkazilgan. 2021 yil dekabr oyining oxirgi haftasida mamlakatda kuniga 15−20 mingta shu kabi test tahlillari o‘tkazilgan.

«Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining dinamikasiga nazar tashlasak, joriy yil 5 yanvardan boshlab aholi o‘rtasida kasallanish ko‘rsatkichlari ortib borayotganini ko‘rish mumkin. 

Shu sababli yurtimizda virusning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kasallikka gumon qilingan shaxslardan PZR-test tahlillarini olish ishlari samarali tashkil etilyapti.

Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 5-15 yanvar kunlari mamlakatimizda jami 300 mingdan ziyod PZR-test sinamasi o‘tkazilgan.

So‘nggi kunlarda esa kuniga o‘rtacha 45-50 ming nafarga yaqin fuqarodan PZR-test olinmoqda. 

Ma’lumot uchun, o‘tgan yil dekabr oyining oxirgi haftasida yurtimizda kuniga 15-20 mingta ana shunday sinama tahlillari o‘tkazilgan», deyiladi xabarda.

Avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati poytaxtdagi koronavirus infeksiyasiga bepul PZR test topshirish mumkin bo‘lgan laboratoriyalar manzilini e’lon qilgandi:

  • Toshkent shahar boshqarmasi laboratoriyasi — Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 341-uy;
  • Uchtepa tumani bo‘limi laboratoriyasi — Uchtepa tumani, Chilonzor 21;
  • Sergeli tumani bo‘limi laboratoriyasi — Sergeli tumani, Sergeli 3−14;
  • Chilonzor tumani bo‘limi laboratoriyasi — Chilonzor tumani, Lutfiy-4−14;
  • Yunusobod tumani bo‘limi laboratoriyasi — Yunusobod tumani, Yunusobod 8−34;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi laboratoriyasi — Mirzo Ulug‘bek tumani, Qarmoq ko‘chasi, 1 A-uy;
  • Bektemir tumani bo‘limi laboratoriyasi — H.Boyqaro ko‘chasi, 48-uy;
  • Mirobod tumani bo‘limi laboratoriyasi — Sarako‘l ko‘chasi, 76-uy;
  • Shayxontohur tumani bo‘limi laboratoriyasi — Xadra massivi, 17 A-uy;
  • Yashnobod tumani bo‘limi laboratoriyasi — Maxtumquli ko‘chasi, 1-berk, 6-uy;
  • Yakkasaroy tumani bo‘limi laboratoriyasi — Bobur ko‘chasi, 2-berk A 22-uy;
  • Yangihayot tumani aholisi Sergeli tumani bo‘limi laboratoriyasiga murojaat etadi — manzili Sergeli tumani, Sergeli 3−14.

Ushbu laboratoriyalarda PZR test tahlillari har kuni 24 soat davomida bepul o‘tkaziladi.

Mavzuga oid