20:40 / 23.01.2022
3636

Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi jamg‘armasiga 15 mlrd so‘m ajratildi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga bir martalik 15 mlrd so‘m miqdoridagi moliyaviy ko‘mak mablag‘larini ajratish nazarda tutilgan.

Jamg‘armaga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida joriy etish;
  • xorijiy davlatlarda chop etiladigan zamonaviy o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarni, xalqaro testlar va ularni joriy qilish uchun tegishli ruxsatnoma va litsenziyalar, xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan kontentlarni mualliflik huquqlarini xarid qilish;
  • xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, dasturiy ta’minot loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, tilning asosiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun videorolik, o‘yin, ko‘ngilochar ko‘rsatuv, filmlar va boshqa o‘rgatuvchi kontent yaratish;
  • fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etish va boshqalar.

Ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumta’lim muassasalar (sinflar)da faoliyat yuritayotgan kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga 50 foiz ustama 2022 yil 1 fevraldan boshlab to‘lanadi.

2022 yil 1 mayga qadar Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga xalqaro tan olingan baholash tashkilotlari bilan hamkorlikda pedagog kadrning malaka toifasini olish bo‘yicha chet tili fani o‘qituvchilarining malaka sinovlarida tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini baholash tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Top