O‘zbekiston | 17:32 / 25.01.2022
18777
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkita hududda elektr ta’minoti to‘liq tiklangani, vaziyat prezident nazoratida ekani ma’lum qilindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Vazirlik soat 16:59da bergan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti qisman tiklangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov vaziyatni shaxsan davlat rahbari nazorat qilib turganini ma’lum qildi.

“Ta’kidlash kerakki, vaziyat shaxsan Prezidentimiz nazorati ostida. O‘zbekiston energiya tizimini barqarorlashtirish hamda elektr ta’minoti va boshqa tarmoqlar ishini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida deyarli har daqiqa davlatimiz rahbariga axborot berib borilmoqda.

Shunday ekan, barchangizni xotirjamlikni saqlash va sarosimaga tushmaslikka chaqirib qolamiz. Vahimaga o‘rin yo‘q”, – deya yozdi Sherzod Asadov Telegram-kanalida.

Avvalroq prezident topshirig‘i bilan hodisa sabablarini o‘rganish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan edi.

25 yanvar kuni soat 11:00larda O‘zbekistonning aksar hududlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Toshkent metropoliteni faoliyati to‘xtadi, aeroportlar muayyan vaqtga yopildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” ayrim yo‘lovchi poyezdlarning o‘z manzillariga yetib borishi kechikishidan ogohlantirdi.

Toshkentda svetoforlar ishlamay qolgani tufayli yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelmoqda, Toshkent shahar IIBB tirbandliklarning oldini olish maqsadida zarurat bo‘lmasa ko‘chaga shaxsiy mashinada chiqmaslikni tavsiya qilgan.

Mavzuga oid