20:19 / 28.01.2022
11840

Nega oluvchi qo‘ldan beruvchi qo‘l afzalroq? - Islom moliyachisi bilan suhbat

Inson kimgadir yordam berishi uchun avval o‘zi shunga qodir bo‘lishi kerak; buning uchun esa mehnat qilib, daromad topishi kerak. Shu sababli Allohning nazdida oluvchi qo‘ldan ko‘ra beruvchi qo‘l afzalroq ekani ta’kidlanadi. Bu haqda biznesda baraka omillari mavzusida Kun.uz bilan suhbatlashgan islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis, tadbirkor Kozimxon To‘rayev aytib o‘tdi.

— Bilamizki, “Oluvchi qo‘ldan ko‘ra beruvchi qo‘l afzalroq”, degan hadis bor. Nima uchun Islom dinida boshqalardan pul so‘rashdan ko‘ra, boshqalarga berish targ‘ib qilingan?

— Bu hadisdan bir qancha ma’nolar olish mumkin, deb o‘ylayman. Birinchisi, inson kimgadir yordam berishi uchun avval o‘zida nimadir bo‘lishi kerak. O‘zida bo‘lishi uchun esa, chiqib mehnat qilib, pul yoki o‘sha narsani topishi kerak. Ya’ni tadbirkorlik qiladi yoki o‘z kasbi bilan shug‘ullanadi.

Hadisda ham aynan shu ma’no – o‘zi tadbirkorlik qilib yoki biror boshqa kasb qilib, ishlab pul topadigan odam, hech qayerda ishlamay, tilanchilik qilib o‘tiradigan kishidan yaxshiroq, degan ma’no nazarda tutilmoqda. Bunday insonning martabasi Allohning nazdida balandroq bo‘ladi.

Ikkinchi tarafdan, ushbu hadis ishlamasdan, faqat boshqalardan so‘rashga o‘rganib qolgan insonlarga Allohga yoqimli bo‘lish uchun chiqib mehnat qilish, o‘z tadbirlarini qilish uchun chorlovdir. Avval aytganimizdek, eng yaxshi rizq bu – inson o‘z qo‘li bilan topgan rizqi. Agar inson mehnat qilib o‘zi va atrofidagilarini ta’minlay boshlasa, beruvchi qo‘lga aylanadi.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin. Suhbat davomida, shuningdek, musulmon kishining pulga nisbatan munosabati, biznesni boshlashda niyat, baraka omillari, qarz olish, ehson qilishga doir masalalar hamda rizq va harakatning bog‘liqligiga doir mulohazalar berilgan.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Nido.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Mavzuga oid
Top