Kun.uz qadriyatlarga asoslangan biznesdagi baraka omillari mavzusida Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis hamda tadbirkor Kozimxon To‘rayev bilan suhbat uyushtirdi.
— Assalomu alaykum, Kozimxon aka. Avvalo Islomda musulmon kishi pulga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi kerak? Shu haqda ma’lumot berib o‘tsangiz.
— Islom dinining ham rivojlanishi va o‘sishida pul muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Dinimizning asosiy 5 ta farz amallaridan 4 tasida pul va moddiyatning ahamiyati bor. Masalan, namoz o‘qish uchun kiyim, masjid kerak. Ro‘za tutish uchun taom sotib olish kerak. Zakot va haj esa to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy holatga bog‘langani ham sir emas. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytgan hadis ham bor: «Musulmon odam uchun eng yaxshi rizq — bu o‘z qo‘li (kasbi) bilan topgan rizqidir». Bunda ham xulosa qilish mumkinki, musulmon odam ishlashga, chiqib pul topishga targ‘ib qilingan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom ikkita odamga havas qilish mumkin, deydi: «Birinchisi, boy inson. U boyligini halol yo‘lda topadi va halol yo‘lda ishlatadi…»
— Islom dinida o‘z ehtiyojidan ortiq moddiy yoki pul ko‘rinishida boylik orttirish maqsadida harakat qilishga, aniqrog‘i biznes qilishga qanday qaraladi?
— Islom dinida biznes qilishga ham ijobiy qaraladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlarki, rizqning o‘ndan to‘qqiz qismi tijoratda, ya’ni hozirgi til bilan aytganda, biznesda. Tarixni olib qarasak, Payg‘ambarimiz alayhissalom ham tijorat bilan shug‘ullangan. Asosiy masala – pulni haloldan topish va halol narsalar uchun ishlatish.
Men AQSh va Yaponiyadagi biznes muhitni ko‘rib, ko‘p narsani o‘rganish mumkinligini his qildim. Masalan, ular biznes etikaga rioya qilish, mijozlarning brendga bo‘lgan sadoqatini saqlab qolish uchun juda katta pullar sarflashadi. Vaholanki, bizning qadriyatlarimizda – Qur’on va hadisda bu narsalar ham aytilgan. Men Islom taraqqiyot bankida ishlab O‘zbekistonga qaytganimdan keyin bu narsa ustida ishladim. Hozirda «Biznesda baraka omillari» nomli tadbirkorlarga amaliy qo‘llanma tayyorlaganmiz.
— Biznesni boshlashda, uni yuritish davomida nimalarga e’tibor qilish kerak?










