Jahon | 21:53 / 29.01.2022
44358
4 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev yanvar voqealaridan keyin ilk marta intervyu berdi

Qozog‘iston prezidenti yanvar voqealaridan keyin ilk marta intervyu berdi. Unda Qosim-Jo‘mart To‘qayev terroristlar Markaziy Osiyo shaharlarining biridan Almatiga gastarbayterlar ko‘rinishida kelgani, Nazarboyev bilan “savdolashish” bo‘lmaganini aytdi; o‘zbek va qozoq oligarxlarini o‘zaro taqqosladi.

Foto: Akorda

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev “Xabar 24” davlat telekanaliga intervyu berdi. Unda To‘qayev yanvar oyidagi tartibsizliklar haqida gapirarkan, bu voqealar xorijda maxsus tayyorgarlik ko‘rgan terroristlar qo‘li bilan amalga oshirilgan deb hisoblashini takroran ta’kidladi.

“Bu – tinch boshlangan namoyishlardan tortib, qotilliklargacha hamma bosqichlari rejalashtirilgan aksiya edi. Bu – professionallar tomonidan o‘ylab chiqilgan va ular tomonidan amalga oshirilgan yaxlit operatsiya edi.

Tinch namoyishlar haqiqatan ham bo‘ldi va ularga nisbatan hech qanday kuch qo‘llangani yo‘q, qo‘llanishi mumkin ham emas. Lekin keyin ularning o‘rnini yosh yigitlar, shunchaki xuliganlar egalladi; ular politsiyachilarning qalqonlariga yopishdi va hokazo. Shundan keyin uchinchi to‘lqin boshlandi: marodyorlar, qotillar, zo‘ravonlar. Asosiysi, ularga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, professional jangchilar boshchilik qildi”, – dedi prezident.

To‘qayevning aytishicha, Almati aeroporti “Markaziy Osiyodagi shaharlarning biridan terrorchilarni gastarbayterlar ko‘rinishida olib kirilishini ta’minlash maqsadida” egallab olingan. Bu jangarilar operatsiyalarda qatnashgach, “xuddi shu tarzda ortga qaytarilgan va aeroport topshirilgan”.

Davlat rahbarining fikricha, bo‘lib o‘tgan voqealarda hukumat “axboriy jihatdan yutqazgan”. “Buni tan olish kerak. Hech kim mening buyrug‘im va mening harakatlarimni tayinli tushuntirib bermadi. Men qo‘l boshqaruvi rejimida qayerda chiqish qilish kerakligi bo‘yicha topshiriqlar berib bordim. O‘tib ketgan sana haqida gapirganda hammamiz aqllimiz, o‘sha paytda keyin biz haqimizda kim nima deyishi haqida o‘ylay olmadik... Faqat ma’lum vaqt o‘tibgina tushuntirish berishimga to‘g‘ri keldi”, – ta’kidladi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Intervyu davomida Qozog‘iston yetakchisi qozoq oligarxlarini badavlat o‘zbekistonliklar bilan taqqosladi.

“Men O‘zbekistondan tashqarida katta pul ishlab topgan o‘zbekistonlik badavlat odamlarni taqqoslayman. Ular o‘z tarixiy vatanlariga qaytishyapti va O‘zbekiston prezidentidan: “Biz o‘zbek xalqi uchun nima qila olamiz, qanday yordam beraylik” deb, topshiriq berishni so‘rashyapti. O‘z mablag‘laridan kasalxonalar qurishyapti, infratuzilma yaratishyapti. O‘zbekistonlik va qozog‘istonlik oligarxlar o‘rtasidagi katta farq shunda, biznikilar yo shu yerda, yoki hatto xorijda turib bo‘lsa ham, o‘z vatanlariga “hujum qilishyapti”, – dedi u.

Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan “savdolashish” bo‘lgani haqidagi savolga javoban, To‘qayev bunday bo‘lmaganini aytdi.

“Hech qanday savdolashish bo‘lgani yo‘q. Shaxsiy ustunliklar haqida gap bo‘lmadi. Yagona masala – Xavfsizlik kengashidagi status masalasi. Men hozir xalqqa murojaat qilib, Xavfsizlik kengashi raisi ekanimni aytaman, dedim. Masala tezda hal bo‘ldi”, – dedi Qozog‘iston prezidenti.

Mavzuga oid