Jahon | 15:20 / 30.01.2022
18583
2 daqiqa o‘qiladi

Washington Post: Ukraina razvedkasining maxfiy materiallari Kiyevdan olib ketildi

Ukraina razvedkasi maxfiy materiallar va maxsus jihozlarini Kiyevdagi shtab-kvartirasidan Ukraina g‘arbidagi xavfsiz joyga olib ketgan. Bu haqda The Washington Post gazetasi o‘z manbasiga tayanib xabar bermoqda.

Nashrning qayd etishicha, maxfiy hujjatlar olib ketilishi,  shuningdek, ittifoqchilardan qurol-yarog‘ yetkazib berilishi Ukrainaning urushga tayyorlanayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, AQSh hukumatidagi anonim mansabdorlardan biri Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning administratsiyasi va ukrain harbiylari rossiyaliklar bosqini ehtimoliga turlicha yondashayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy va uning maslahatchilari aytayotgan gaplar bilan harbiylar va razvedka ma’lumotlari o‘rtasida jiddiy farq mavjud.

  • Rossiya bir necha oydan buyon Ukraina chegaralari yaqinida qo‘shin to‘plamoqda, shu tufayli G‘arb davlatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishini taxmin qilishmoqda. Moskvadagilar buni qat’iyan rad etadi, qo‘shinlar chegaraga olib kelinishini mashg‘ulotlar bilan izohlaydi. G‘arb mamlakatlari rossiyalik harbiylar yurish boshlasa, ushbu mamlakatga qat’iy sanksiyalar joriy etishni va’da qilishmoqda. Bu voqealar fonida AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya Kiyevdan diplomatlarining oila a’zolarini, shuningdek xodimlarning bir qismini evakuatsiya qilishga qaror qilgan.

Mavzuga oid