Pomidor ham faqat boyning dasturxonigami? Juda ko‘p ishlatiladigan bu mahsulotning narxi 10 ming so‘mdan oshdi
Maqola muallifi Andijonning Asakasida ulg‘aygan. Ittifoq davrida biz bolalar hovlidan paqirlab pomidor terib, ko‘p qavatli uylarga olib borib 1 so‘mdan sotardik. O‘sha paytda qassobdagi mol go‘shti 5 so‘m edi. Bir paqirga o‘rtacha 8-10 kg pomidor ketishini hisobga olsak, bu mahsulotning kilosi 10-12 tiyin atrofida bo‘lardi. Ya’ni bir kg go‘sht puliga 40-50 kg pomidor olish mumkin bo‘lgan. Xo‘sh, bugun-chi?

Foto: KUN.UZ
Ayni kunlar pishiqchilikning oxirgi damlari, bozorlarda to‘kinlik. Lekin hamma ro‘zg‘orda kundalik ishlatiladigan pomidor narxi juda qimmat. Eng arzon bozorboplari 6-7 ming bo‘lsa, oldi 12-15 ming so‘mgacha chiqib ketdi. Yetakchi supermarketlarda saralab olinishi hisobiga bundan ham qimmat. Bugungi kunda go‘sht narxini 80 ming deb oladigan bo‘lsak, bir kilo go‘sht puliga 8-10 kg pomidor kelishi ma’lum bo‘ladi. Ko‘rinadiki, yo pomidor juda qimmat, yo go‘sht juda arzon.
Xo‘sh, hamma tomorqalarda pishib to‘kilib yotadigan bu ne’mat nega yildan yilga kamayib, tanqislashib bormoqda?
Sherzod Jalilov, xaridor, Toshkent:
– Poytaxtning gavjum joylaridan birida, Farhod bozorining ro‘parasida yashayman. Bilasiz, bu bozor nisbatan arzonligi bilan mashhur, juda ko‘p joylardan xaridorlar kelishadi. Har yili katta yuk mashinalarida keltirib sotiladigan pomidorlar bu yil yo‘q negadir. Eng katta sotuvchida ham nari borsa bir necha yashik pomidor ko‘ryapman.
Bilishimcha, bu yil juda ko‘pchilik banka ham yopa olmadi. Narxlar bunaqa bo‘lganidan keyin banka yopishdan ma’ni yo‘qda. Bu muammolar qopqoq, banka savdosini ham to‘xtatdi. Qishga borib hali tuzlamalar rosa qimmat bo‘lsa kerak. Hozir bu bozordan 7 ming so‘mdan olingan pomidorga ko‘nglingiz to‘lmaydi. 10 ming so‘mligiga esa istasangiz istamasangiz og‘rinasiz.
Sirojiddin O‘roqov, dehqon, Samarqand:
– Yaqin-yaqingacha ham biz yashaydigan hududlarda juda ko‘p pomidor yetishtirilardi. Pritseplarda olib borib zavodlarga topshirardik. O‘zimiz eshak aravalarga ortib, shaharga olib borib sotib kelardik. Arzon bo‘lsa-da, banka yopish mavsumida durustgina daromad qilardik. So‘nggi yillarda hatto ro‘zg‘or uchun o‘zimiz ham sotib olyapmiz. Kasallik ko‘paygan, hosildorlik past, daromad bermagani kamlik qilgandek mehnat va o‘g‘itga kuyganimiz qolyapti.
Allaqanday oq pashsha tushadi va poyani ham, hosilni ham ilma-teshik qilib tashlaydi. Ko‘pincha poya hali hosilga kirmay qovjirab qolyapti. Shuning uchun biz tarafdagi juda ko‘pchilik dehqonlar nisbatan chidamli, saqlash oson bo‘lgan Kavkaz loviyasi yetishtirishga o‘tib ketishdi. Shu bilan pomidorga qaytmasak ham kerak.
Baxtiyor Rasulov, biolog olim:
– Nazarimda, bu boradagi muammolarning boshlang‘ich bosqichidamiz. Hali narxlar oshishi, mahsulot tanqisligi yanada kuchayishi mumkin. Chunki agrar sohada ilm uzoq yillar o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Seleksiya ishlari o‘lda-jo‘lda, oddiy pomidorda ham xorij urug‘chiligiga suyanib qoldik. Milliy gen banki muhimligi bo‘yicha juda ko‘p marta bong urdik, afsus, hech kim e’tibor bermadi.
Kuni kecha poytaxt yaqinidagi Qibray tumanida qator issiqxonalarni ko‘zdan kechirdim. Yer unumdor, suv yetarli, mehnat qilinyapti. Lekin ko‘chat ham, hosil ham yoppasiga boy berilyapti. Tadbirkorlar hosilga kirmagan poyalarni yulib tashlashga majbur bo‘lmoqdalar. O‘rniga umid bilan qayta ko‘chat qadalyapti.
Asosiy muammo – kasalliklar. Simptomlariga ko‘ra, hozir issiqxonalarda eng ko‘p tarqalayotgan kasallik tomat mozaikasi (qo‘zg‘atuvchisi Tomato mosaic tobamovirus virusi) yoki ituzumdoshlar fitoplazmasi (qo‘zg‘atuvchisi Tomato stolbur phytoplasma) eubakteriyasi. Avvallari kamroq uchrardi, hozir negadir juda ko‘paydi. Bu masalaga zudlik bilan e’tibor qaratilmasa, vaziyat yanada murakkablashaveradi.
Albatta, barcha ehtiyot choralarini ko‘rib ishlayotgan, yaxshi hosil olayotgan yirik issiqxonalar ham bor. Lekin ular asosan eksportga e’tibor qaratishadi. Ichki bozor esa kichik dehqonlar, tomorqalar hisobiga to‘yinadi.
Ko‘rinadiki, bu mahsulotning qimmatlashishi faqat bu yilga xos holat emas, balki katta ehtimol bilan davomli bo‘ladi. Oziq-ovqat xavfsizligi jiddiy muammoga aylanayotgan hozirgi davrda bu masalaga ham e’tibor qaratilishi lozim.
Abror Zohidov
Mavzuga oid

14:29 / 10.03.2025
“Chigit ekish muddatini majburan belgilab berish noto‘g‘ri” - mutaxassislar

17:57 / 07.03.2025
“Bir qo‘lda ishlashimni ko‘rib hayron qolishadi” – Toshkentni ko‘rmagan oqbo‘yralik dehqon ona hikoyasi

11:26 / 26.01.2025
“Kam bo‘lganimiz yo‘q”: qishda ham qulupnay va rediska yetishtirib sotayotgan quvalik dehqon

12:07 / 09.11.2024