Jahon | 10:20 / 01.02.2022
9525
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamenti diplomatlarning oila a’zolariga Belarusni tark etishni tavsiya qildi

AQSh Davlat departamenti Ukraina atrofida vaziyat keskinlashishi mumkinligi sababli o‘z diplomatlarining oilalariga Belarusni tark etishni tavsiya qildi.

Foto: Reuters

«Davlat departamenti 2022 yil 31 yanvarda davlat xizmatchilarining oila a’zolariga ushbu davlatni tark etish to‘g‘risida tavsiya berdi», — deyiladi idora bayonotida. 

Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi vaziyatni «oldindan aytib bo‘lmaydigan» deb baholadi va amerikaliklarga Belarusga sayohat qilishdan bosh tortishni tavsiya qildi.

Avvalroq, 24 yanvar kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Germaniya Kiyevni ayrim diplomatlar va oila a’zolarining ketishi haqida xabardor qilgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq Kanada o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilishini e’lon qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy diplomatlarning mamlakatni tark etishini xato deb hisoblashini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina «Titanik» emas. «Bu hurmatli davlatlar hukumatlarining xatosi, deyishga haqqim yo‘q. Menimcha, bu biz uchun, Ukraina uchun xato», — dedi prezident. 

Kreml Kiyev va g‘arb davlatlarini Donbassda provokatsiyalar tayyorlashda ayblab, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni rejalashtirmayotganini ta’kidlagan. 

Mavzuga oid