Jahon | 20:02 / 01.02.2022
21570
6 daqiqa o‘qiladi

The Guardian surishtiruvi: Turkiyada yashaydigan o‘zbek «tadbirkori»ning qalbaki pasport tayyorlab berish biznesi

Buyuk Britaniyaning The Guardian nashri surishtiruvlariga ko‘ra, Turkiyada yashaydigan etnik o‘zbek «tadbirkori» Buyuk Britaniya, YeI, Kanada va AQShga kirish imkoniyatini beruvchi soxta pasportlarni 15 ming dollargacha pullagan. Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston pasportlari eng arzoni, eng qimmat variant esa – Yevropa Ittifoqi davlatlari pasporti.

Foto: AFP

Rasmiy vizalar va sayohat qilish imkoniyatini beradigan shtamplarga ega bo‘lgan, qalbaki pasport tayyorlashga ixtisoslashgan va rivojlanib borayotgan onlayn biznes IShID bilan aloqasi bo‘lgan odamlarga Suriyani tark etib, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Kanada va AQShga kirish imkoniyatini taklif qilmoqda. Bu haqda The Guardian nashri tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda keltirib o‘tilgan.

Turkiyada yashovchi, ekstremistik guruhlar bilan aloqalarga ega o‘zbek tadbirkori tomonidan boshqariladigan tarmoq hozirda turli mamlakatlardan kelgan, yuqori sifatli qalbaki pasportlarni 15 ming dollargacha (11 ming 132 funt sterling) pullamoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 10ta holatda Suriya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan odamlar Istanbul aeroporti orqali boshqa mamlakatlarga jo‘nab ketishgan.

Soxta pasport sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularning mijozlari orasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga borishni istovchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Kamida ikki holatda esa qalbaki pasport sotib olganlar Istanbuldan Meksikaga soxta rus pasportlari orqali yetib borishgan va u yerdan noqonuniy ravishda AQShga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

«Turkiyada yashovchi etnik o‘zbek shu qadar yaxshi ishlayaptiki, yaqinda Telegram’ning shifrlangan xabar almashish funksiyasidan foydalangan holda “Istanbul Global Consulting” nomi bilan kanal ham ochgan», deb yozadi The Guardian.

«Kimning qaysi guruhdan ekanligi haqida so‘ramayman. Men hamma bilan ishlashga tayyorman. Kimning yomon yoki yaxshiligini bilish mening ishim emas. Bu bilan xavfsizlik xizmatlari shug‘ullanishi kerak», deya yozgan o‘zbekistonlik tadbirkor o‘zini mijoz sifatida tanishtirgan The Guardian jurnalisti bilan suhbatda.

Nashrning yozishicha, kundan kunga o‘sib borayotgan savdo xavfli ekstremistlar butun dunyo bo‘ylab xavfsizlik kuchlarini chetlab o‘tishi, o‘tmishdagi jinoyatlari uchun jazodan qutulib qolishi va Suriyadan boshqa mamlakatlarda terrorchilik faoliyatini davom ettirishlari mumkinligidan dalolat beradi.

G‘arb xavfsizlik xizmati rasmiylari 2015 yilda IShID jangarilari Suriya va Iroq pasportlarini tayyorlash uchun bo‘sh blankalar va printerlar kabi muhim jihozlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgani haqida ogohlantirish bilan chiqqandi. Guruh bir qator teraktlar, jumladan, 2015 yil noyabrida Parijdagi Bataklan teatriga uyushtirilgan hujum va 2017 yilda Manchester shahridagi stadionda ro‘y bergan portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Qochqinlar inqirozi cho‘qqisiga chiqqan paytda Yevropaga qochib o‘tgan bir milliondan ortiq suriyaliklar orasida IShIDning operativ xodimlari ham bo‘lgan.

Shundan keyin Yevropa chegara idoralari soxta pasportlarni aniqlash uchun zamonaviy texnologiyalar xarid qilish va xodimlarni o‘qitish uchun sarmoya kiritadi.

2020 yilda Tojikiston hukumati soxta tojik pasportlaridan foydalanishga chek qo‘yish maqsadida Istanbuldagi konsullik xodimlari va hujjat tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqqan.

Biroq bunga javoban, soxta pasport sotuvchilari ham potensial mijozlari uchun turli millatlar pasportlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim qila boshladi.

O‘zbekistonlik «biznesmen» nashr jurnalistiga haqiqiy xavfsizlik belgilari va gologrammalari bo‘lgan yangi Fransiya, Belgiya, Bolgariya va Rossiya pasportlari aks etgan bir qancha videolarni yuborgan.

Qalbaki pasport sotuvchisining fikriga ko‘ra, ishlaydigan biometrik chipni qalbakilashtirish deyarli mumkin emas, lekin ko‘plab chegara o‘tish joylaridagi pasport tekshiruvi xodimlari ishlamaydigan chiplarga e’tibor bermay, pasport egasiga ruxsat berishadi.

O‘zbekistonlik «uddaburon tadbirkor» xaridorga butunlay g‘oyib bo‘lishiga yordam berish uchun 500 dollar evaziga Turkiyaning o‘lim guvohnomasini ham taklif qilgan va uni tegishli konsullikka yuborishi mumkinligini aytgan.

Mijozlarning etnik kelib chiqishi, gaplashadigan tillari, qayerga borishni xohlashlari va qancha pul berishga imkoni borligiga qarab bir nechta pasport variantlari mavjud. Yevropaga kirish uchun eng arzon hujjatlar Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston pasportlari bo‘lib, ularning narxi 5 ming dollar atrofida. Agar unga Shengen vizasi ham qo‘shilsa, unda bunday pasportning narxi 6 ming dollarni tashkil qiladi.

Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirish imkonini taqdim etishi hisobiga Ukraina va Moldova pasportlari biroz qimmatroq turadi. Eng qimmat variant esa Yevropa Ittifoqi pasporti – 8 ming dollar. Odatda bu kabi hujjatning asosiy xaridorlari fransuz tilini biladigan arab yoki Afrika davlatlari fuqarolari hisoblanadi.

Sxemaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlati fuqarosi Turkiyaga o‘z pasporti bilan keladi va uni o‘zbekistonlik tadbirkor va uning hamkasblariga taxminan 2500 yevroga sotadi. Keyin pasportdagi fotosurat mijozning fotosuratiga o‘zgartiriladi. Shundan so‘ng pasportning asl egasi hujjat yo‘qolganini e’lon qiladi va o‘z mamlakatining Istanbuldagi konsulligiga bu haqda ariza taqdim etadi.

Yangi pasport murojaatchining kelib chiqqan mamlakatida tayyorlanadi, keyin esa mijoz kutayotgan mamlakatga yetkaziladi. Bu sxemadan ko‘zlangan maqsad rasmiy shtamplarni olish va hujjatning qonuniyligini mustahkamlash ekanligi ta’kidlangan.

«Pasportning o‘zi qimmat emas. Olinayotgan pulning asosiy qismi shtamplar sotib olish uchun poraga ketadi. O‘tmishda bozordagi qalbaki pasportlarning sifati yomon edi. Hozirgilari shunchalik sifatliki, pulingiz yetarli bo‘lsa, istalgan joyga borishingiz mumkin», degan soxta pasport sotuvchisi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid