O‘zbekiston | 21:57 / 02.02.2022
14637
2 daqiqa o‘qiladi

Kovid karantini muddati 14 kundan 7 kunga qisqartirildi

Koronavirus yuqtirib olgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning karantin o‘tash muddati 14 kundan 7 kungacha qisqartirildi. Shuningdek, o‘tgan yil dekabrida qator davlatlardan kirib keluvchilar uchun joriy etilgan 10 kunlik majburiy karantin bekor qilingan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda omikron shtammining yashirin davri qisqaligini inobatga olib, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning karantin muddati 14 kundan 7 kungacha qisqartiriladi. SSV xabariga ko‘ra, maxsus komissiya xalqaro tajribadan kelib chiqib shunday qaror qabul qilgan.

Shuningdek, ayrim davlatlardan O‘zbekistonga kirib keluvchi yo‘lovchilarni karantinga joylashtirish tartibi bekor qilinayotgani haqida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2021 yil 30 noyabrdagi 90-son bayonining ayrim-bandlarida belgilangan quyidagi cheklov va talablar bekor qilinmoqda:

  • Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Hongkongdan xalqaro aviaqatnovlarni (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish) to‘xtatish;
  • mazkur davlatlarda so‘nggi 14 kun davomida bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritilmaslik;
  • Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya va Misr davlatlari hududidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan kundan e’tiboran 10 kun davomida majburiy uy karantini yoki ularni o‘z hisoblaridan mehmonxonaga karantinga joylashtirish tartibi bekor qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 dekabrdan Yevropaning sakkiz davlati, shuningdek, Avstraliya, Isroil va Misrdan kirib keluvchilar uchun 10 kunlik majburiy karantin joriy etilgandi.

Mavzuga oid