11:07 / 02.02.2022
11551

AQSh davlat qarzi birinchi marta 30 trillion dollardan oshdi 

Ko‘rsatkich davlat qarzi ko‘rsatkichlari e’lon qilina boshlangan butun davr uchun rekorddir.

Foto: AP /John Minchillo

AQSh davlat qarzi birinchi marta 30 trillion dollardan oshdi. Buni seshanba kuni AQSh Moliya vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlar tasdiqladi.

Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatda «jami davlat qarzi» ustunida 30,012 trillion dollar miqdori ko‘rsatilgan. Bu AQSh davlat qarzi bo‘yicha barcha davr uchun rekord ko‘rsatkichdir.

The New York Times gazetasining yozishicha, joriy qiymatlarga kutilganidan bir necha yil oldin erishilgan. Bu Qo‘shma Shtatlar pandemiyaga qarshi kurash uchun yo‘naltirgan trillionlab dollar federal xarajatlar, shu jumladan 5 trillion dollar miqdordagi ishsizlik nafaqalari, kichik biznesni qutqarish va qarz mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish to‘lovlari natijasiga aylandi.

2021 yilning birinchi yarmida COVID-19 bilan kasallanganlar sonining kamayishi tufayli AQSh iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keskin tiklandi: birinchi chorakda 6,3 foiz va ikkinchi chorakda 6,7 foiz. Biroq, uchinchi chorakda o‘sish 2,3 foizgacha sekinlashdi. Mutaxassislar buni omikron shtammining tarqalishi, yuqori inflatsiya (2021 yil dekabr oyi oxiriga kelib u 6,8 foizga yetdi - 1982 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich) va global ta’minot zanjiridagi muammolar bilan izohladi. 

Donald Tramp prezidentligining so‘nggi yilida (2020) AQSh iqtisodiyoti 3,5 foizga qisqardi - bu 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan keyingi birinchi va 1946 yildan beri eng katta pasayish bo‘ldi (mamlakat yalpi ichki mahsuloti 11,6 foizga kamaydi). 

Jo Bayden prezidentligining birinchi yili natijalariga ko‘ra, federal zaxira tizimi 5,5 foizlik o‘sishni bashorat qilmoqda. Davom etayotgan pandemiya tufayli AQSh hukumati ham tobora ko‘proq kredit olishga majbur bo‘lmoqda - 2021 yil oxiriga kelib, davlat qarzi 29 trillion dollardan oshdi (yalpi ichki mahsulotning taxminan 125 foizi), bu hukumatni davlat qarzi chegarasini 31,4 trillion dollargacha oshirishga majbur qildi.

Top