09:32 / 02.02.2022
6415

DXX katta miqdordagi gashish moddasini musodara qildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi gashish moddasi musodara qilindi.

Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro 10,7 kg gashish giyohvand moddasini kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududiga olib o‘tib, xufiyona joyga yashirgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, tojikistonlik narkosavdogarlar uning kurerlik xizmatiga 1200 AQSh dollari berishi kerak bo‘lgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Buxoro-Amudaryo yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina To‘rtko‘l tumanidagi “Miskin” YPX maskanida to‘xtatilgan.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Amudaryo tumanida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan fuqaro yonida 2 kg opiy moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu modda Tojikistondan Buxoro viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon viloyatining Qorasuv shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina poytaxt hududiga kirgan vaqtida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. 

Natijada, mashina salon qismida Qirg‘izistondan noqonuniy olib o‘tilgan 11 228 dona “Regapen” va 595 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning 1988 va 1991 yillarda tug‘ilgan 2 nafar jinoiy sheriklari ham ushlandi.

Bundan tashqari, poytaxt hududida kuzatilgan yana bir shunga o‘xshash holatda Andijon shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaroga 5 488 dona “Regapen” va 1 188 dona “Tropikamid” dori vositalarini bergan vaqtida ularning har ikkisi ham qo‘lga olindi. Shuningdek, dorilarni qabul qilib olgan shaxsning yashash xonadonida 224 dona “Regapen” dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan mamlakat hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib Toshkent shahriga yuborgan, Andijon shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs ham ushlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 10,7 kg gashish, 2 kg opiy giyohvand moddalari hamda 16 940 dona “Regapen” va 1 783 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top