Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arbning Rossiya talablariga taqdim etgan javobidan norozi bo‘lganini yashirmadi. Bu haqda Putin Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvdan keyingi brifingda gapirdi.
Rossiya prezidenti G‘arb Rossiyaning asosiy talabini e’tiborsiz qoldirganini aytdi.
«26 yanvar kuni AQSh va NATOning javobini oldik. Uni obdon tahlil qilamiz, ammo hozirdan ma’lumki, Rossiyaning asosiy talab va xavotirlari rad etilgan.
Biz NATOni kengaytirmaslik, Rossiya chegarasida zarbdor qurollarni joylashtirmaslik va alyansning Yevropadagi infratuzilmasini 1997 yildagi Rossiya bilan kelishuv imzolangan holatga qaytarishni so‘ragandik. Bu asosiy talablarimizning birortasi inobatga olinmadi.
Bizga NATOni sharqqa qarab bir dyum ham siljitmaslik bo‘yicha va’da berilgandi. Ammo bugun NATO qayerda ekanini ko‘ryapmiz: Polshada, Ruminiya va Boltiqbo‘yi davlatlarida. Xalq tilida aytganda, bizni chuv tushirishdi», dedi Putin.
NATO hech kim boshqa davlatning alyansga kirishga haqqi yo‘qligini ta’kidlab, «ochiq eshiklar» siyosatida sobit qolishini aytgandi. Putinning fikricha, bu tartib hech qanday hujjat bilan mustahkamlanmagan.
«Ochiq eshiklar» siyosati deyilyapti. Xo‘p, bu haqda qayerda yozilgan? Hech qayerda», dedi Putin.
1949 yilgi NATO tashkil etilishi bo‘yicha kelishuvning 10-bandida alyansning barcha a’zolari rozi bo‘lgan taqdirda, unga Yevropaning boshqa davlatlarini qabul qilish mumkinligi yozilgan.
«O‘sha hujjatda «mumkin» deb yozilgan, «majbur» deb emas. Vaholanki, AQSh va NATO Ukrainaga «Sizning intilishingizni qadrlaymiz, xavfsizligingizni himoya qilishni istaymiz, ammo sizni [alyansga] qabul qila olmaymiz, chunki oldinroq bunga imkon bermaydigan kelishuv imzolaganmiz» deyishlari mumkin edi. Shunday deyishsa, Ukraina uchun nimasi alamli bo‘lardi?» deydi Putin.
Rossiya prezidentining fikricha, Ukrainaning NATOga kirishi Qrim sabab alyans va Rossiya o‘rtasida harbiy to‘qnashuvga olib kelishi mumkin.
«Tasavvur qiling, zamonaviy qurollar, zarbdor tizimlar bilan qurollangan Ukraina NATO a’zosiga aylandi va Qrimga yurish boshladi. Donbass haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Yana takrorlayman, NATO a’zosi sifatida Ukraina bu harbiy operatsiyani boshlasa, nima bo‘ladi? Nima, biz NATO bilan urishamizmi? Kimdir bu haqda o‘yladimi? Menimcha, yo‘q.









