O‘zbekiston | 20:13 / 04.02.2022
17941
4 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov: “Malibu va 1,8 mlrd so‘m pulni qaytarish bo‘yicha “Markaziy shaxmat klubi”ga xat bilan chiqqanmiz”

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi “Markaziy shaxmat klubi” MChJdan 53,5 mln so‘mga sotilgan Malibu'ni, foydalanilgan davri uchun amortizatsiya xarajatlarini ham qoplagan holda qaytarishni so‘radi, deb ma’lum qildi federatsiya raisi Aziz Abduhakimov.

3 fevral kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida murabbiylar, shaxmatchilar, ularning ota-onalari va OAV ishtirokidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda bosh vazir o‘rinbosariga “Markaziy shaxmat klubi” MChJga bozor narxidan qariyb 3 baravar arzonga sotib yuborilgan Malibu va federatsiya hisobidan klubga o‘tkazib berilgan 1,8 mlrd pul masalasida savol berildi.

“OAVda Shaxmat federatsiyasiga tegishli bo‘lgan Malibu avtomobili “Markaziy shaxmat klubi” MChJga o‘tib ketgani haqida ma’lumot chiqdi. Ushbu ma’lumotga ko‘ra, MChJ rahbariyatiga Malibu'ni qaytarish yuzasidan xat bilan chiqdik. Chunki ushbu mashina bozor qiymatidan ancha arzonga sotilgan. Bunda klub foydalanilgan davri uchun ma’lum miqdorda pul va avtomobilning amortizatsiya xarajatlarini qoplab berishi so‘raldi. Bularning barchasini hisoblab, avtomobilni federatsiyaga qaytarish bo‘yicha rasman xat chiqarib yubordim.

Shuningdek, 1,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ham chiqib ketgan. Ushbu pulni ham qaytarish bo‘yicha ham MChJga rasmiy xat chiqartirdik. “Bu pullarni, iltimos, qaytarib beringlar”, degan mazmunda. Bilasiz, mablag‘dan foydalangandan keyin, uning foizi bor, masalan depozitga qo‘ysangiz, qo‘shimcha mablag‘lar keladi, shu nuqtayi nazardan ham qaytarib berishlarini so‘rab murojaat qildik.

Bu voqea bo‘yicha tegishli tashkilotlar, jumladan, Adliya vazirligi tomonidan tekshiruv belgilangan. Surishtiruv yakunlari bo‘yicha ham to‘liq ma’lumot taqdim etiladi», – dedi Abduhakimov.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga tayanib, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining moliyaviy faoliyatiga aloqador masalalar yuzasidan surishtiruv e’lon qilgan edi.

Maqolada federatsiya o‘z balansidagi Malibu avtomobilini “Markaziy shaxmat klubi” MChJga bozor qiymatidan 3 barobar arzonroqqa sotgani va bu tashkilotga 1,8 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘larini o‘tkazib bergani keltirilgan.

Qayd etish kerak, “Markaziy shaxmat klubi” direktori – federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyevdir.

Federatsiya bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyevning izohiga ko‘ra, Malibu avtomobili “Markaziy shaxmat klubi”ga sotilgan vaqtda bu tashkilot federatsiya qoshida bo‘lgan. Shu sababli tashkilot taftish komissiyasi xulosasida – 53,5 million so‘mga “Malibu”ni sotish mumkinligi aytilgan.

“Avtomobil ayni vaqtda federatsiya binosida turibdi, uni hech kim shaxsiy maqsadlarda ishlatmayapti. Agar Malibu boshqa maqsadlarda ishlatilsa yoki kimgadir sotib yuborilsa, biz uni qaytarib olamiz”, degandi Sunnatullo Bozorboyev.

U qariyb 1,8 mlrd so‘mlik mablag‘ korxona hisobraqamiga o‘tkazilganini izohlarkan, federatsiyada bor-yo‘g‘i 8 xodim ishlashi, bu katta turnirlarni tashkillashtirish uchun yetarli emasligi, ayni shu sababli “Markaziy shaxmat klubi” MChJ tashkil etilib, mablag‘lar bu korxonaga “aniq vazifalarni bajarish uchun qat’iy nazorat ostida” berilganini aytgan.

Maqoladan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holat yuzasidan tekshiruv boshladi.

Shuningdek, AQSh sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova videomurojaat bilan chiqib, O‘zbekistondan ketishiga Husan Turdialiyev sabab bo‘lganini aytdi.

BAAda yashayotgan o‘zbekistonlik boshqa bir grossmeyster Sergey Qayumov esa o‘z murojaatida “Husan Turdialevning oxirgi 20 yildagi diktaturasi” haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan pullar “manziliga yetib bormagan”.

Mavzuga oid