22:28 / 06.02.2022
15810

La Liga. «Barselona» «Atletiko»ni mag‘lub etib, 4-o‘rinni tortib oldi

Ispaniya La Ligasi 23-turining markaziy uchrashuvi Kataloniyada bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Getty Images

«Kamp Nou» stadionida pandemiya davridan buyon ilk marta deyarli liq to‘lgan stadionda «Barselona» asosiy raqobatchilaridan biri «Atletiko»ga qarshi saf tortdi. 

Uchrashuvning 8-daqiqasidayoq Suaresning uzatmasidan keyin Karrasko hisobni ochgan bo‘lsa, ikki daqiqa o‘tib Alba ajoyib zarbasi bilan o‘yingohni larzaga keltirdi – 1:1.

21-daqiqada esa Gavi mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, bo‘lim yakunida Arauxo gol kiritib Xavi shogirdlarini tanaffusga ishonchli hisobda chiqib ketishlarini ta’minladi – 3:1.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Dani Alves ajoyib zarbasi bilan Kataloniyaga qaytganidan keyingi ilk golini kiritib, hisobni yiriklashtirdi – 4:1.

Biroq 58-daqiqada Luis Suares sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol etib, farqni qisqartirdi – 4:2. 

So‘nggi yarim soatlikdagi asosiy voqea esa shu kuni gol va assist muallifiga aylangan 38 yoshli Dani Alvesning qo‘polligi ortidan qizil kartochka olib, maydonni tark etishi bo‘ldi. Bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, «Barsa» mavsumdagi eng chiroyli o‘yinlaridan biri evaziga muhim g‘alabaga erishdi – 4:2. Traore va Obameyang debyutlarini nishonlashdi.

Shu tariqa, «Barselona» ochkolari sonini 38taga yetkazib, 36 ochkoga ega «Atletiko»dan o‘zgan holda 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 

La Liga. 23-tur
Barselona – Atletiko 4:2

Gollar: 0:1 – 8 Karrasko, 1:1 – 10 Alba, 2:1 – 21 Gavi, 3:1 – 43 Arauxo, 4:1 – 49 Dani Alves, 4:2 – 58 Suares.
Barselona – ter Stegen, Dani Alves, Pike, Arauxo, Alba, Buskets, de Yong, Pedri (Niko Gonsales, 66), Gavi (Dest, 71), Traore (Obameyang, 61), Ferran Torres.
Atletiko – Oblak, Vrsalko (Vass, 46), Savich, Himenes, Ermoso (Mateus Kunya, 55), Koke (Errera, 76), de Paul, Lemar (Reynildu, 55), Karrasko, Suares, Joau Feliks (Korrea, 56).
Ogohlantirishlar: Alba (52), de Yong (72).
Chetlatish: Dani Alves (69).

Mavzuga oid
Top