Rossiya Ukraina atrofida quruqlik va suvda yirik manyovrlar boshlamoqda
Rossiya armiyasi Janubiy harbiy okrug va Belarusda yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda, O‘rta Yer dengizi va Qora dengizda ham manyovrlar boshlanishi kutilmoqda. Bularning bari qo‘shni Ukraina va Moskvani urushga tayyorlanishda gumon qilayotgan G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlardagi inqiroz fonida ro‘y bermoqda.
Rossiya janubidagi o‘quv mashg‘ulotlari sakkiz regiondagi 15 harbiy poligonlarda, shuningdek tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiya respublikalarida olib borilmoqda.
Rossiya qo‘shinlari Volgograd oblasti, Stavropol o‘lkasi, Adigey, Checheniston, Dog‘iston, Karachayevo-Cherkessiya, Shimoliy Osetiya, Ingushetiyada harakatlanmoqda.
Bundan tashqari, 2014 yilda Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimda dengiz piyodalari o‘quv mashg‘ulotlari boshlangan. RIA Novosti Qora dengiz floti matbuot xizmatiga asoslanib xabar berishicha, Qrimda sohilni desanchilardan himoyalash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Bu so‘nggi vaqtlarda Janubiy harbiy okrugdagi ilk mashg‘ulotlar emas. Bu yerda bir necha hafta oldin ham mashg‘ulotlar o‘tkazilib, olti mingga yaqin harbiy xizmatchilar va harbiy aviatsiya harakatga keltirilgandi.
Belarusda keng ko‘lamli «Ittifoqchilik qat’iyati — 2022» qo‘shma mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Hozirda harbiylarni joylashtirish ishlari ketmoqda, 10 fevraldan faol faza boshlanadi.
Bundan tashqari, 20 yanvardan buyon Rossiya harbiy-dengiz flotining to‘rt floti va Kaspiy flotiliyasida seriyali yirik mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi bu mashg‘ulotlarda 140 korabl va kemalar, shuningdek 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar qatnashayotganini ma’lum qilgan.
Ayrim manyovrlar yakunlangan. Yanvar oyi oxirida Qora dengizda 20ga yaqin harbiy kemalar, jumladan Shimoliy va Boltiq flotlari jangovar otishmalar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazgan.
Yaqin kunlarda yangi, so‘nggi vaqtlarda O‘rta Yer dengizi va Qora dengizdagi eng yirik mashg‘ulotlar boshlanadi. Hozirgacha shunisi aniqki, Qora dengizga Shimoliy va Boltiq flotidan oltita katta desant kemalari tashlangan. «Varyag» va «Marshal Ustinov» rusumidagi ikkita raketali kreyserlar O‘rta Yer dengizida bo‘lib turibdi, ularga uchinchi kreyser - «Moskva» qo‘shilishi mumkin. Ularning har biri «Vulkan» rusumli kemalarga qarshi raketalar bilan jihozlangan.
Yirik kuchlar
O‘rta Yer dengizidagi mashg‘ulotlarda qatnashuvchi kemalar soni rasman ma’lum qilinmagan. Lekin rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda bu yerga jangovar kemalarning ikkita otryadi keltirilgan.
Tinch okeani flotidan «Varyag» raketali kreyseri, suv osti kemalariga qarshi «Admiral Tributs» kemasi va yirik dengiz tankeri «Boris Butoma» yetib kelgan. Bundan tashqari, shu kunlarda dengizga Shimoliy flot kemalari otryadi kirgan, flot tarkibida «Marshal Ustinov» raketali kreyseri, «Admiral Kasatonov» fregati va suv osti kemalariga qarshi yirik «Vitse-admiral Kulakov» korabli o‘rin olgan.
Rossiya qurolli kuchlari faolligini kuzatib boruvchi ayrim telegram-kanallar xabar berishicha, Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasidan ochiq dengizga «Moskva» raketa kreyseri chiqarilgan. Taxminlarga ko‘ra, bu kema ham mashg‘ulotlarga qo‘shiladi.
Avvalroq O‘rta Yer dengizida oltita yirik desant korabllaridan iborat guruh shakllantirilgandi. Guruh tarkibidagi «Olenegorskiy gornyak», «Georgiy Pobedonosets» va «Pyotr Morgunov» bu yerga Shimoliy flotdan kelgan, «Korolyov», «Minsk» va «Kaliningrad» - Boltiq dengizidan. 8 fevral kuni guruh Qora dengizga yo‘l oldi, u yerda ham yirik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tmoqda. Rossiya Qora dengiz floti tarkibida - yettita yirik desantchi korabllari mavjud.
Yanvar oyi oxirida «Izvestiya» gazetasi mudofaa vazirligidagi manbasiga asoslangan holda O‘rta Yer dengizidagi mashg‘ulotlarda 20 kema ishtirok etishi haqida yozgandi. Yana shuncha kema Qora dengizdagi manyovrlarda qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Belarusdagi mashg‘ulotlar
«Ittifoqchilar jasorati-2022» manyovrlarida ishtirok etayotgan rossiyalik va belarus harbiylarining aniq soni e’lon qilinmagan, ammo yanvar oyi oxirida Belarus Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Viktor Gulevich rasman mashg‘ulotlardagi harbiylar soni «xabar qilish chegarasi»dan oshirilmasligini ma’lum qilgandi.
2011 yilgi Ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash chora-tadbirlari haqidagi Vena hujjatiga ko‘ra, mashg‘ulotlardagi harbiylar soni 9 ming kishidan ortadigan bo‘lsa, uning qolgan ishtirokchilarini xabardor qilish talab etiladi. Agar harbiylar soni 13 mingdan ortadigan bo‘lsa, mashg‘ulotlarga xorijlik kuzatuvchilarni taklif etish kerak bo‘ladi.
Mashg‘ulotlar Belarusning beshta poligonida - «Bresskiy», «Domanovskiy», «Gojskiy», «Obuz-Lesnovskiy» va «Osipovichkiy»da o‘tkazilmoqda. To‘rtda aerodrom - «Baranovichi», «Luninets», «Lida» va «Machulishchi»dan foydalanilmoqda.
Rossiyadan mashg‘ulotlarga Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari tashlangan. Belarusga olib boruvchi yo‘lda joylashgan ko‘plab temir yo‘l stansiyalarida harbiy texnikalar ortilgan eshelonlar qayd etilgan.
Mashg‘ulotlarga jo‘natilgan harbiy texnikalar orasida Su-35 qiruvchilari, Su-25SM shturmoviklari, uzoq va o‘rta masofalarga mo‘ljallangan S-400 zenit-raketa majmualari hamda yaqin radiusdagi nishonlarga qaratiladigan «Pansir» majmualarini sanash mumkin. Belarusga motoo‘qchi brigadalar ham yo‘l olgani haqida xabarlar bor. Mashg‘ulotlar chog‘ida navbatchilik uchun uzoq masofaga uchuvchi aviatsiya samolyotlari - ruslarning Tu-22M3 bombardimonchilari harakatga keltirilgan.
Rossiya va Belarus o‘zaro mashg‘ulotlar mudofaa xarakterida ekanini ta’kidlamoqda. Ammo G‘arbdagilar bu mashg‘ulotlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarligining bir qismi ekanini gumon qilmoqda.
«Bosqin kuchlari»
2021 yil noyabrida Amerikaning Politico va Bloomberg nashrlari Ukraina chegarasida rus qo‘shinlari to‘planayotgani to‘g‘risida xabar tarqatdi. Shundan keyin G‘arbdagilar Rossiya urushga tayyorlanayotgani haqida tinimsiz bong ura boshladi.
Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarda Rossiyaning Bryansk oblasti Klimovo qishlog‘i hududida (Belarus va Ukraina chegaralari yaqinida), Voronej oblastining bir necha nuqtalarida, anneksiya qilingan Qrimda harbiy texnikalar to‘planganini ko‘rish mumkin.
Matbuot qo‘shinlar chegaraga surilishini kuzatishda davom etdi, so‘nggi haftalarda bir necha yirik nashrlar Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun chegaradagi qo‘shinlarini ko‘paytirishda davom etayotgani haqida yozdi.
Associated Press agentligi amerikalik anonim amaldorga asoslangan holda ruslar fevral oyi oxirida bostirib kirishi mumkinligi haqida xabar berdi, Reuters manbasi Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun kerak bo‘lgan qo‘shinlarining 70 foizini chegaraga olib kelgani haqida yozdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida chegara hududlarda batalon-taktik guruhlari soni 60 dan 83 taga yetgan. Associated Press agentligi suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, har bir guruhdagi askarlar soni 750 nafardan 1 ming nafargacha yetadi. Yana 14 guruh yo‘lda ekani aytilgan.
Reuters va Associated Press bu ma’lumotlarini tasdiqlovchi rasmiy asoslar keltirmagan.
Boshqa nashrlar esa hatto qurolli mojaro ro‘y bergan taqdirda, ehtimoliy qurbonlar sonini ham hisoblashdi (ukrain harbiylaridan 25 ming, rossiyalik harbiylardan 10 ming, tinch aholi vakillaridan 50 minggacha ), shuningdek ruslar hujum qilsa, Kiyev tez vaqt ichida qulashi ssenariysi haqiqatga yaqin ekani aytildi.
Turli baholarga ko‘ra, Ukrainaga bostirib kirish uchun tayyorlangan qo‘shinlar soni 100 ming bilan 130 ming orasida.
Bu birinchi martasi emas
Hozirgi inqiroz - Rossiyaning yirik mashg‘ulotlari vaziyatni keskinlashtirib yuborishi bilan bog‘liq ilk holat emas.
2021 yil aprel oyi boshida LXR va DXRdagi vaziyat keskinlashuvi ortidan Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali avvaliga Voronej yaqinida, keyin Qrimda ham Rossiya qo‘shinlari to‘planganini aniqladi. Bu ma’lumotlar tasdig‘ini topgan, internetda qo‘shinlar chegaraga ketayotgani aks etgan videolavhalar tarqalgandi.
O‘shanda ham Rossiya g‘arbiy chegaralar yaqinida quruqlik qo‘shinlari mashg‘ulotlarini o‘tkazgan, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu esa mamlakat qurolli kuchlari uch hafta ichida g‘arbiy chegaraga ikki armiya va uchta havo-desant bo‘linmasini joylashtirganini ma’lum qilgandi.
Xuddi shu vaqtda Rossiya Qora dengizga ham kattagina guruhda kemalar jo‘natadi - Kaspiy flotiliyasidan sakkizta desantchi katerlar, Boltiq dengizidan ikkita katta desantchi korabli va Shimoliy dengizdan ikkita shunday kema.
Bundan tashqari, dengizdagi mashg‘ulotlarda boshqa ko‘plab kemalar va aviatsiya kuchlari qatnashgan - 50 ta jangovar samolyotlar raketalar uchirishgan va dengizdagi nishonlarni bombalashgan, murakkab ob-havo sharoitlarida hamda suv sathiga juda yaqin masofada turib parvozlar amalga oshirish mashqlarini o‘tkazishgan.
G‘arb bilan munosabatlardagi yana bir jiddiy keskinlashuv 2017 yilda bo‘lib o‘tgan va bu ham hozirgidagi kabi Belarusdagi mashg‘ulotlar bilan bog‘liq edi. O‘shanda «G‘arb-2017» mashg‘ulotlarida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 12,7 ming harbiy qatnashgan (ammo xorijlik kuzatuvchilar chaqirilgan), 70 vertolyot va samolyotlar hamda 250 taga yaqin tanklar harakatga keltirilgan.
G‘arbda bu manyovrlar urushga tayyorgarlik vazifasini o‘tab berishi mumkinligi, Belarusga mashg‘ulotlarga tayyorgarlik niqobi ostida maxfiy tarzda katta kuchlar tashlanganini taxmin qilishgan.
Bir yil oldin bo‘lgani kabi Qora dengizda yirik desant kemalari to‘planganini (endi bunday kemalar to‘rtta emas, oltita) ko‘pchilik Ukrainaning Qora dengiz bo‘yidagi sohillariga desant tushirishga tayyorgarlik sifatida qabul qilmoqda.
Mavzuga oid
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
14:56 / 12.11.2024
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51 / 12.11.2024