Jahon | 11:22 / 11.02.2022
4299
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda yillik inflatsiya 40 yillik rekordni yangiladi

Yanvar oyida AQShda inflatsiya yillik hisobda 7,5 foizgacha tezlashdi va so‘nggi 40 yil ichida eng yuqori darajaga ko‘tarildi, deb xabar berdi AQSh Federal Mehnat statistikasi byurosi.

Foto: RIA Novosti / Vladimir Trefilov

Bu qiymat ekspertlarning 7,2 foizlik prognozidan oshib ketdi va bu yil Federal zaxira tizimi tomonidan foiz stavkalarining sezilarli darajada oshishi ehtimolini oshiradi, deb xabar beradi RBK. 
 
Bloomberg’ning ta’kidlashicha, investorlar Federal zaxira tizimi tomonidan monetar rag‘batlantirish omillarining yanada agressiv qisqartirilishiga umid qilmoqda. Bozorlar endi mart oyida 0,5 foizlik o‘sishning 50 foiz ehtimolini taxmin qilmoqda. Federal zaxira tizimining navbatdagi yig‘ilishi 15-16 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Bank of America Federal zaxira tizimining Uoll-stritdagi o‘ta agressiv harakatini bashorat qilmoqda. BofA global iqtisodiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Itan Xarris 2022 yilda stavkalarning yetti marta, kelasi yili esa yana to‘rt marta 0,25 foizga oshirilishini taxmin qildi. 

AQSh real YaIM o‘tgan yili 6,9 foizga o‘sdi, bu 1984 yildan beri eng tez sur’atdir. Bu o‘sish kuchli mehnat bozori bilan bog‘liq – ish beruvchilar so‘nggi uch oyda 1,6 millionga yaqin ish o‘rni yaratdi.

Inflatsiya Federal zaxira tizimining maqsadli ko‘rsatkichidan ancha yuqori bo‘lgan holda, ishga qabul qilishning barqaror o‘sishi zaxira tizimining kelgusi oy boshida foiz stavkalarini oshirishga majbur qiladi hamda may va iyun oylarida yanada oshishiga olib kelishi mumkin, deb yozadi The Wall Street Journal. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid