Jahon | 14:29 / 12.02.2022
18385
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva Rossiyaning Ukrainadagi vakolatxonalari xodimlari soni optimallashtirilishini e’lon qildi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Ukrainadagi xorijiy vakolatxonalari xodimlari soni optimallashtirilishini e’lon qildi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova xabar berdi.

Foto: Reuters

Moskva Kiyev yoki uchinchi davlatlarning provokatsiyalaridan tashvishda ekani tufayli, Rossiyaning Ukrainadagi xorijiy vakolatxonalari xodimlari sonini optimallashtirishga qaror qildi. Bunday bayonot 12 fevral, shanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili tomonidan berildi.

Shu bilan birga, tashqi siyosat idorasi Rossiyaning Ukrainadagi elchixonasi va konsulliklari o‘z asosiy vazifalarini bajarishda davom etishiga aniqlik kiritdi.

Avvalroq RIA Novosti o‘z axborot manbasiga tayanib, diplomatlar va Rossiya konsulliklari xodimlari Ukrainani tark eta boshlagani haqida xabar bergan edi, biroq keyinroq Rossiya elchixonasi ular o‘z ishini davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bir kun avval Ukrainadan Rossiyaning asosiy bo‘lmagan diplomatik xodimlari evakuatsiya qilinishini istisno etmay, ba’zi G‘arb davlatlarining ham xuddi shunday harakatlariga ishora qilgan edi.

Bundan oldin, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi istalgan vaqtda, jumladan 20 fevral kuni Pekin Olimpiadasi tugaguniga qadar boshlanishi mumkinligini aytgandi.

Xuddi shunday bayonot bilan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqinni havo hujumi bilan boshlashi, mojaro paytida esa Kiyevga hujum qilishi mumkin.

Markaziy razvedka boshqarmasi va amerikalik harbiylar, Der Spiegel nashriga ko‘ra, Rossiya kelasi chorshanba, 16 fevral kuniyoq bostirib kirishni boshlashi mumkinligi haqida NATO davlatlarini xabardor qilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining telegram kanalida AQSh rasmiylarining bayonotini «jazavaga tushish» deb atadi. «Anglo-sakslarga urush kerak», dedi u.

Shuningdek, AQSh ortidan yana to‘rt davlat o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi. Niderlandiya, Chernogoriya, Yaponiya va Janubiy Koreya o‘z fuqarolariga Ukrainaga sayohat qilmaslik yoki uning hududini tark etishni tavsiya qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid