Xuddi shunday bayonot bilan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqinni havo hujumi bilan boshlashi, mojaro paytida esa Kiyevga hujum qilishi mumkin.
Markaziy razvedka boshqarmasi va amerikalik harbiylar, Der Spiegel nashriga ko‘ra, Rossiya kelasi chorshanba, 16 fevral kuniyoq bostirib kirishni boshlashi mumkinligi haqida NATO davlatlarini xabardor qilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining telegram kanalida AQSh rasmiylarining bayonotini «jazavaga tushish» deb atadi. «Anglo-sakslarga urush kerak», dedi u.
12 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Bayden telefon orqali muloqot qiladi.
Avvalroq AQSh, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Chernogoriya, Yaponiya, Janubiy Koreya o‘z fuqarolariga Ukrainaga bormaslikni yoki uning hududini tark etishni tavsiya qilgan edi.












