SSSR fuqaro aviatsiyasi tarixida eng ko‘p odam halok bo‘lgan aviahalokatlar ro‘yxatining eng tepasida 1985 yilda Qizilqum cho‘llariga qulab tushgan Tu-154B-2 samolyoti turadi. O‘shanda 200 kishi halok bo‘lgan bu hodisada uchuvchilar xatoga yo‘l qo‘ygan deb rasmiy xulosa beriladi. Aslida esa uzoq muddatli parvozlardan keyin yetarlicha dam olmagan uchuvchilar uxlab qolgani aytiladi.

Tu-154B-2 / Foto: pikabu.ru

1985 yil 10 iyul kuni Qarshidan Boshqirdiston poytaxti Ufa shahri orqali Leningradga uchayotgan Tu-154B-2 samolyoti samoga ko‘tarilganidan 46 minut o‘tib, Uchquduq shahridan 68 kilometr uzoqlikda Qizilqum cho‘lidagi Ko‘kpatas ovuli yaqiniga qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 9 nafar ekipaj a’zosi va 191 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi.

Tu-154B-2 (ro‘yxatga olingan raqami SSSR-85311, zavod raqami 78A311, seriya raqami 0311) samolyoti Kuybishev (hozirgi Samara shahri) aviatsiya zavodidan 1978 yil 2 yanvar kuni foydalanish uchun chiqarilgan. 1979 yil SSSR Fuqaro aviatsiyasi vazirligiga berilgan samolyotni Toshkent fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga jo‘natishadi. Mazkur samolyotga Qozon motor zavodida ishlab chiqarilgan uchta NK-8-2U dvigatellari o‘rnatilgandi. Samolyotda 9 nafar ekipaj a’zolari, 4 nafar uchuvchi va 5 nafari bort kuzatuvchisi bo‘lgan.

Tu-154B-2 / Foto: commons.wikimedia.org

Halokat

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga tegishli Toshkent aviaotryadiga qarashli Tu-254B-2 samolyoti SU-5143 bort raqami ostida Qarshi-Ufa-Leningrad yo‘nalishida doimiy parvozlarni amalga oshirgan. Samolyot halokatga uchragan kuni uning 180 o‘rinli bortida 9 nafar ekipaj a’zosidan tashqari 191 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilardan 52 nafari yosh bolalar bo‘lgan. Ulardan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar 25 nafarni, 5 yoshgacha bo‘lganlari esa 27 nafarni tashkil etgan. O‘shanda ayrim onalar bitta o‘rindiqqa yosh bolasi bilan joylashgandi.

Tu-154B-2 samolyotining salon qismi / Foto: mediaspy.ru

Qarshi aeroportidan Moskva vaqti bilan soat 19:00 da uchishi kerak bo‘lgan samolyot soat 23:00 da parvoz qiladi. O‘sha kuni Tu-154B-2 Toshkentdan belgilngan vaqtdan kechikib soat 18:45 da yetib keladi. Uchuvchilarning dam olishi, samolyotni parvozga tayyorlash, unga yonilg‘i quyish zaruratlari tufayli Tu-154B-2 to‘rt soat kechikib uchadi. Shunda ham uchuvchilar tuzukroq hordiq chiqarishga ulgurmaydi.