15:30 / 15.02.2022
7535

“O‘zbekgidroenergo” AJ va Koreya Respublikasining “K-Water” korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi

Bugun, 15 fevral sanasida “O‘zbekgidroenergo” AJ va Koreya Respublikasining suv loyihalarini amalga oshiruvchi yirik “K-water” korporatsiyasi o‘rtasida mamlakatimizda yangi qurilishi rejalashtirilgan Xo‘jakent gidroto‘plash stansiyasi (GAES) loyihasini hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Dastlab, mazkur loyiha yuzasidan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash lozimki, mazkur loyiha Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Xo‘jakent obektida barpo etiladi. GAESning quvvati 200 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha ishlab chiqarish quvvati 400,0 mln. kVt.soat elektr energiyasiga teng.

Ikki tomonlama bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov hamda “K-water” kompaniyasining vitse-prezidenti Lee Jong Jin, kompaniya bosh direktori Cheon Geun Ho, kompaniya katta menejyeri Kim Jeong Meong, global biznes tarmog‘i bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Kim Jeong Meong lar ishtirok etishdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Muzokaralar yakuni bo‘yicha hamkorlik shartnomalarini muhokama qilish uchun dastlab Xo‘jakent GAES qurilishi loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida ikki tomonlama qaror qabul qilindi.

Muzokaralar yakunida Xo‘jakent GAES qurilishi loyihasi yuzasidan “O‘zbekgidroenergo” AJ va Koreya Respublikasining “K-water” korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Foto: O‘zbekgidroenergo
Foto: O‘zbekgidroenergo

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 2021 yil 16-18 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyada bo‘lib, mazkur tashrifi chog‘ida “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik bo‘yicha dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratgan edi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Mazkur memorandum va o‘zaro hamkorlik ishlari Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida yurtimizda “yashil” energetika sohasini kelgusida yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi doirasida, shuningdek, Jamiyat tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan yirik loyihalardan biridir.

“O‘zbekgidroenergo” Axborot xizmati Ⓣ

Top