O‘zbekiston | 17:32 / 18.02.2022
29142
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi choralardan hamma o‘ziga kerakli xulosa chiqarsin - Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev mahalla raislariga murojaatida shuncha yil ertalab osh berish bo‘yicha musobaqalashish bo‘lgani, lekin birimiz ikki bo‘lmagani haqida gapirib, endi ishlash kerakligini ta’kidladi.

Yangihayot va Sergeli tumanlari faollari bilan uchrashuv chog‘ida prezident mahalla raislari faoliyatiga atroflicha to‘xtaldi.

«Sizlarga ikki yordamchi, ikki qanot beryapmiz. Lekin endi natija ko‘rsatadigan payt keldi. Sizlarga aytadigan hozirgi gapimni men gapirmasam, hech kim gapirmaydi. Ma’rakalarga mehmon bo‘lib emas, o‘sha xonadonga ko‘makchi bo‘lib boringlar.

Biz ertalab osh berish bo‘yicha shuncha yil musobaqalashdik, lekin birimiz ikki bo‘lmadi. Dunyoning hech bir rivojlangan davlatida saharda ming kilolab osh tarqatish yo‘q. Ko‘pchiligingiz yoshsizlar, bunaqa paytda ikki karra ko‘proq ishlashingiz kerak», deya prezidentning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari ko‘p yillar davomida ushbu hudud e’tibordan chetda qolib ketganini ta’kidlagan.

«Bugun nafaqat mahallalar, balki shaharning har bir tumani mas’ullari yangi tizim bo‘yicha aniq hisobot beradi – bir oydan keyin, uch, olti oydan keyin nima bo‘ladi? Qanday natija ko‘rsatamiz, qancha ish o‘rni yaratamiz, aholiga qanday yengillik beramiz?

Samarqanddagi choralardan hamma o‘ziga kerakli xulosa chiqarib olsin. Men bu viloyatda juda ko‘pchilikni ishdan oldim. Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisi farovonlikni sezishi kerak, chunki yillar davomida bu hududga e’tibor bo‘lmagan», dedi Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 10 fevral kuni Samarqand viloyatiga tashrifi vaqtida 10 nafar rahbar - ikki tuman hokimi, bir tuman prokurori, ikki tuman bosh soliqchilari, uchta tuman IIB boshliqlari, MB Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i va viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ishdan olingandi.

Tashrifdan keyingi kunlarda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i, Samarqand viloyati prokurori hamda Samarqand shahri hokimi ham o‘zgardi.

Mavzuga oid