Ukraina inqirozi: Bayden Putin hujum qilishga qaror qilib bo‘lganini aytdi
AQSh prezidenti Jo Bayden razvedkaga asoslangan holda Vladimir Putin Ukrainaga yangi bosqin boshlash bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lgani va bu yaqin vaqtlar ichida Donbassdagi genotsid bahonasi ostida boshlanishi haqida aytib o‘tdi.
«Endi men u [Putin] qaror qabul qilib bo‘lganiga [Ukrainaga yangi bosqin bo‘yicha] aminman», - dedi AQSh prezidenti. Uning hisoblashicha, hujum yaqin hafta ichida yoki bir necha kundan keyin ro‘y berishi mumkin.
«Bizning hisoblashimizcha, Ukraina poytaxti, Kiyev ularning nishonida bo‘ladi. 2,8 million begunoh insonlar yashaydigan shahar. Biz mojaro istayotganimiz uchun emas, Rossiyani bosqindan tiyish uchun uning rejalari haqida doimiy ravishda gapirib kelmoqdamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.
Jurnalistning mojaroni hal qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar ehtimoli to‘g‘risida bergan savoliga javoban Bayden bunday emasligini aytgan.
«Hozircha u bosqin boshlamadi, hali diplomatik yechim uchun imkon bor», - degan u. Baydenning qo‘shimcha qilishicha, agar Ukrainaga nisbatan harbiy harakatlar Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning amerikalik hamkasbi Entoni Blinken bilan 24 fevralga belgilangan uchrashuviga qadar boshlanib ketsa, bu «diplomatiya uchun eshik yopilgani»ni anglatadi.
Bayden Oq uyda jurnalistlar oldida chiqish qilishidan oldin telekonferensiya orqali AQSh ittifoqchilari, jumladan Fransiya, Britaniya, Germaniya, Polsha va Ruminiya rahbarlari bilan bog‘langan.
New York Times Davlat departamentidagi anonim manbasiga asoslanib yozishicha, onlayn uchrashuvda Donbass aholisining Rossiyaga «evakuatsiya» qilinishi masalasi muhokama qilingan.
Bayden ro‘y berayotgan voqealarni «Rossiyaning yolg‘on va dezinformatsiya orqali bu mojaroda agressor hisoblanishidan e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan navbatdagi urinishi» deb atadi.
Britaniya elchixonasini Lvovga ko‘chiradi
Rossiyaliklarning Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumi ehtimoli haqidagi bayonotlardan biroz oldinroq Britaniya poytaxt shahardagi elchixonasi xodimlari Ukraina sharqidagi Lvov shahriga ko‘chirilishi haqida ma’lum qildi.
«Britaniyaning Kiyevdagi elchixonasi ofisi vaqtincha ko‘chiriladi. Britaniya elchixonasi xodimlari Lvovda ishlab turadi», - deyiladi Britaniya hukumati saytida.
Britaniya o‘z fuqarolariga tijoriy reyslar uchib turganidan foydalanib, Ukrainani tark etishni tavsiya qilmoqda.
14 fevral kuni AQSh Kiyevdagi elchixonada qolgan xodimlar Lvovga ko‘chirilishi haqida e’lon qilgandi - muhim funksiyalarni bajarmaydigan xodimlar AQShga qaytarilgan.
Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Annalena Berbok va Jan-Iv Le Drian juma kuni kechqurun qo‘shma bayonot berishdi, unda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan LXR va DXRning harakatlari, jumladan aholini Rossiyaga evakuatsiya qilish Ukrainaga bostirib kirish uchun bahona tayyorlash bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
«Bu sahnalashtirishdan harbiy eskalatsiya uchun foydalanishlari mumkinligi bizni tashvishga solmoqda», degan vazirlar.
«Biz Donetsk va Luganskdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «xalq respublikalari»ning Ukraina hujumi xavfi tufayli mahalliy aholini Rossiyaga evakuatsiya qilish to‘g‘risidagi e’loniga e’tibor qaratdik. Biz bunday taxmin uchun hech qanday asos ko‘rmayapmiz va Rossiyani ushbu tan olinmagan respublikalarga ta’siridan foydalanib, tiyilishga va deeskalatsiya uchun o‘z hissasini qo‘shishga undashga chaqiramiz», - deyilgan bayonotda.
Bundan avvalroq Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada chiqish qilgan Annalena Berbok G‘arb davlatlari, jumladan Germaniya ham Ukrainaga hujum bo‘ladigan taqdirda Rossiyaga qarshi jiddiy sanksiyalar bilan zarba berishda yakdil bo‘lishini ma’lum qilgandi.
«Biz, Germaniya, iqtisodiyotda katta zarar ko‘rishga tayyormiz. Shu tufayli barcha variantlar - stolda, jumladan «Shimoliy oqim - 2», - degan Berbok.
Rossiya gazini Germaniyaga Boltiq dengizi ostidan yetkazish uchun mo‘ljallangan «Shimoliy oqim» quvurining ikkinchi bosqichi ham yakunlangan, ammo Germaniya hukumati tomonidan sertifikatlanmagan va foydalanishga topshirilmagan.
Urushga tayyorgarlik sifatida ko‘rilayotgan kiberhujumlar
Juma kuni kechqurun Britaniya va AQSh hukumatlari 15-16 fevral kuni Ukraina mudofaa vazirligi va mamlakatdagi davlat banklariga uyushtirilgan DDoS-hujumlar ortida Rossiya turgani haqida rasman ma’lum qilishdi.
«Ushbu hodisa uchun kim javobgar ekanini ochiqlash qarori Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari zararli kiberfaollikka toqatsiz ekanini anglatadi», - deyilgan Britaniya TIV bayonotida.
Idora vakili Britaniya hukumati mazkur kiberhujumlarga Rossiya harbiy razvedkasi aloqador deb hisoblashini ma’lum qilgan.
15 fevral kuni Ukraina mudofaa vazirligi o‘z sayti seriyali DDoS-hujumlarga uchragani haqida xabar bergandi. Sayt faoliyatini tiklash uchun trafik AQShdagi qo‘shimcha himoya servisi orqali qayta yo‘naltirilgan.
14 yanvarga o‘tar kechasi hakerlar Ukraina hukumatidagi ko‘plab vazirliklarning saytlarini buzib kirib, uch tilda - ukrain, rus va polyak tillarida tahdidli murojaatlar joylashtirishgandi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi, TIV, sport vazirligi, energetika vazirligi, Agrar siyosat vazirligi, Faxriylar ishlari bo‘yicha vazirlik hamda Davlat g‘aznachiligi saytlari ishlamay qolgandi. Shuningdek, davlat xizmatlari portali ham hujumga uchragandi.
Prezident Jo Bayden dushanba kuni ittifoqchilar bilan uchrashuvda boshqa masalalar qatorida kiberhujumlar masalasini ham muhokama qilgandi. Kuzatuvchilarning qayd etishicha, bunday hujumlar kelgusida ham davom etadi va NATOning boshqa davlatlarigahham ta’sir qilishi mumkin.
«Ukrainaga kiberhujumlar kuchayishi - bizning Rossiyaning rejalari haqidagi tasavvurlarimizga mos keladi va Ukrainaga bostirib kirish uchun yo‘l ochadi», - degan New York Times uchun intervyuda Bayden ma’muriyatining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Enn Noyberger.
Rossiya TIV rasmiysi genotsid haqida gapirdi
Rossiya tashqi vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova kechqurungi tok-shou efiri vaqtida Donbassda «mahalliy aholi genotsid» qilinayotgani haqida gapirdi.
«Endi esa G‘arbdagi o‘zaro hamkor davlatlar, xuddi Psaki va afsuski yana ko‘plab boshqalar, hatto davlat rahbarlari u yerdagi vaziyat biz aytgandek ekaniga shubha qilishmoqda: [...] u yerdagi vaziyat genotsidga o‘xshamaydi deyishmoqda. Yo‘q, o‘xshamaydi, chindan ham genotsidga o‘xshamaydi, balki genotsidning o‘zi. Haqiqiysi», - degan Zaxarova NTV telekanali efirida.
U shunday davom etadi: «Balki, xudoga shukrki, son ko‘rsatkichlari bo‘yicha, masalan, Afrikadagi kabi emas, ammo, kechirib qo‘yasiz, agar u yerda yetti yildan buyon bolalar, ayollar, tinch aholi vakillari halok bo‘layotgan bo‘lsa, biz bunday parametrlarga qarab baholashimiz kerakmi?»
AQShdagilar Donbass aholisi genotsidga uchrayotgani haqidagi bayonotlarni Rossiyaning Ukranaga bostirib kirishga tayyorlanishdagi propaganda elementi sifatida ko‘rishadi. Seshanba kuni Putin bilan muzokaralardan keyin Germaniya kansleri Olaf Shols 1999 yilda Yugoslaviyada (Kosovada) genotsid xavfi yuzaga kelgani, shundan keyin vaziyatga NATO aralashgani haqida gapirgandi.
«Bizning baholarimizga ko‘ra, Donbassda bugungi kunda bo‘layotgan ishlar - genotsid», - deya fikr bildirgandi Putin.
Keyingi kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Donbassda o‘tgan yili «beshta ommaviy qabr» aniqlangani holati yuzasidan jinoiy ish ochdi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu qabrlarga Ukraina qurolli tuzilmalari tomondan yo‘llangan artilleriya zarbalari qurboni bo‘lgan tinch aholi vakillari ko‘milgan.
Mavzuga oid
15:06
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
14:22
Parij: Ukraina Rossiya hududiga SCALP raketalari bilan zarba yo‘llashi mumkin
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024