O‘zbekiston | 08:59 / 20.02.2022
19792
3 daqiqa o‘qiladi

«Allamjonov bilan oramizda sovuqchilik yo‘q» – Jahongir Ortiqxo‘jayevning murojaati yozilgan xat e’lon qilindi

Instagram'dagi Jahongir Ortiqxo‘jayev haqida post qo‘yib boruvchi sahifada Toshkent shahar hokimining murojaati yozilgan xat e’lon qilindi. Unda yozilishicha, Ortiqxo‘jayev va Komil Allamjonov o‘rtasida hech qanday tushunmovchilik yo‘q va hech qachon «matbuot urushi» bo‘lmagan.

Foto: Kun.uz

Ortiqxo‘jayev bu sohada (matbuot) tajribasi yo‘qligi va Allamjonov bilan kuniga 3-4 marotaba telefonlashib, xabarlashib, fikr almashib turishini ma’lum qilgan.

«Assalomu alaykum barchaga. Oxirgi 3-4 kunda mening atrofimda bo‘layotgan mavzular va men bilan Komil Allamjonov o‘rtasida qandaydir xabarlarni tarqatayotgan, holatni bo‘rttirib, yolg‘on xabar qo‘shib, ijtimoiy tarmoqqa sizdirilayotgan, tasdiqlanmagan axborotlar keng muhokamalarga sabab bo‘layotgani ortidan yozishga ahd qildim.

Aslida e’tibor bermasdan, vaqtimni ketkizmasdan, bunday uydirmalarga ahamiyat bermasdan yuraman. Lekin tinimsiz bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar sabab holatga shaxsan aralashishni joiz deb topdim.

Men bilan Komil Allamjonov o‘rtasida hech qanday sovuqchilik yo‘q, biz hech qachon matbuot urushi qilmaganmiz, bu sohada tajribam yo‘q. Munosabatlarimiz doim ochiq va samimiy bo‘lgan, kuniga 3-4 marta telefonlashib, xabarlashib, hurmatli prezidentimiz oldida, shu yurt oldida qanday vazifalarimiz, majburiyatlarimiz bo‘lsa, maslahatlashib, fikr almashib, tajriba almashib turamiz. Kecha prezidentimizning Toshkent shahriga tashriflarida ikkimiz yonlarida bo‘lib, o‘zimizga tegishli vazifalarni olib kelmoqdamiz. Buni barcha rasmiy fotolardan ko‘rishingiz mumkin.

Biz amaldorlar xalq xizmatidamiz. Prezidentimiz bizni bir oila kabi ishlab kelishimizni ta’kidlab keladilar. O‘zbek xalqida bir gap bor – agar oiladagi farzandlar o‘rtasida ziddiyat bo‘lsa, bu oila boshining ishonchi yo‘qolishiga olib keladi. Kelinglar, boshni bir yoqadan chiqarib, davlatimizga, xalqimizga, oilamizga va oila boshini topshiriqlarini halol ado etishga kuchimizni sarflaymiz.

Qolaversa, bizning oramizga kim qanday maqsadda bunday tushunmovchiliklar, sovuqchiliklar solmoqchi bo‘lgani, buning ortida qanday manfaatlar yotgani menga qorong‘i. O‘shalarga birgina gapim bor: ishlashimizga xalaqit bermanglar. Bunday uydirmalarga ishonmasligingizni va qimmatli vaqtingizni bunday arzimas narsalarga ketkazmasligingizni iltimos qilib qolardim. Sizlarga katta rahmat!» deb yakunlangan xat.

Oxirgi kunlarda Telegram messenjeridagi guruh va kanallarda Komil Allamjonov Toshkent shahar hokimi bo‘lishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Hatto Ortiqxo‘jayev va Allamjonovdan qay biri poytaxt hokimi bo‘lsa yaxshiligi borasida so‘rovnomalar o‘tkazildi. Bu esa ikki siyosatchi o‘rtasida «axborot urushi» boshlangani haqida navbatdagi mish-mishlarni keltirib chiqargandi.

Mavzuga oid