Bosh prokuratura O‘zbekiston Milliy universitetida yo‘qolgan bo‘lishi taxmin qilinayotgan o‘nlab nodir qo‘lyozmalar bilan bog‘liq holat yuzasidan o‘rganish ishlarini yakunladi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tekshirish davomida O‘zMU Axborot resurs markazi fondida saqlangan XIII-XIX asrlarga oid qiymati 2,6 mlrd so‘mlik tarixiy va badiiy ahamiyatga ega 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani va boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

«2022 yil 19 fevral kuni universitet mansabdor va moddiy javobgar shaxslari, xususan Axborot resurs markazi direktori (I.K.) va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi va 227-moddasi (Hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish hujjatlari tergov harakatlari olib borish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborildi», deyiladi Bosh prokuratura taqdim etgan ma’lumotda.

Kun.uz saytida 2021 yil 23 dekabr kuni 2019 yildagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetining nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan muzeyi faoliyati tiklanmagani va u yerdagi qimmatbaho va o‘ta nodir hisoblangan 100dan ortiq kitoblar sotib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi xabar berilgan edi.

O‘zMUda bahosi «million dollar» turishi aytilayotgan kitoblar yo‘qolgan. Rektorat izoh berishdan qochyapti

2021 yil 24 dekabr kuni kutubxonadagi holatni Bosh prokuratura o‘rganishni boshladi.

Dastlab vaziyatga izoh berishdan qochib yurgan O‘zMU rektorati ishni prokuratura o‘rganishni boshlagach, surishtiruv o‘tkazib, muammoni ko‘tarib chiqqan nashr – Kun.uz qolib, televideniye va boshqa internet nashrlar vakillari chaqirildi va ularga bir necha kitoblarni olib chiqib, bular o‘sha «yo‘qolgan yoki sotib yuborilgan» deb aytilayotgan nodir kitoblar ekanini aytib, ular yo‘qolmaganiga ishontirmoqchi ham bo‘ldi.