O‘zbekiston | 07:20 / 23.02.2022
3554
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Global yashil o‘sish instituti vakolatxonasi ochildi

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Global yashil o‘sish institutining (GGGI) O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tashkilotning maqsadi iqlim o‘zgarishi sharoitlarida taraqqiy etgan hamda bozor iqtisodiyotini tanlagan mamlakatlarda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘li orqali barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish hisoblanadi.

2022 yilda Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Global yashil o‘sish instituti Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasi yashil tiklanishini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishni boshladi. Loyihaning umumiy qiymati 5,65 mln AQSh dollariga teng.

Mazkur loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning maqsadi – Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi yashil reabilitatsiyasiga ko‘maklashish, barqaror hayotiy ta’minot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash.

Tadbirda Orol dengizi havzasi uchun muhim hisoblangan yashil o‘sish va iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ma’lumot uchun, Global yashil o‘sish instituti xalqaro hukumatlararo tashkilot. Bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012 yil 20 iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi doirasida ta’sis etilgan. Hozirgi kunda institut dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida 54 ta loyihani amalga oshirib kelmoqda. Institut prezidenti va kengash raisi BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi.

Mavzuga oid