O‘zbekiston | 22:43 / 28.02.2022
9903
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi vaziyat O‘zbekistondan Rossiyaga samolyotlar qatnoviga qanday ta’sir qiladi?

Foto: KUN.UZ

Dunyoning 30dan ortiq davlati Rossiya aviakompaniyalari uchun o‘z havo hududini yopganini e’lon qildi. O‘z navbatida Rossiya Federatsiyasi ham bu davlatlarga nisbatan shunday chora qo‘lladi. Bahor mavsumida, O‘zbekistondan Rossiyaga yo‘lovchilar oqimi keskin ko‘payadigan bir vaqtda parvozlarda qanday o‘zgarishlar bo‘lgani yuzasidan Transport vazirligi bilan bog‘landik.

Kun.uz savollariga vazirlik matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov javob berdi.

– So‘nggi voqealar fonida Qozog‘iston havo hududidagi parvozlar soni uch karra oshgani qayd qilindi. Bu qanchalik asosli?

– Bu ma’lumotlar asosli. Chunki Qozog‘iston Rossiya bilan qo‘shni va katta masofadagi umumiy chegaralarga ega. Hozir aylanib o‘tayotgan samolyotlarning aksariyati Qozog‘iston havo hududi orqali harakatlanmoqda. Bu holat qancha vaqt davom etadi – javob berish qiyin.

– O‘zbekiston havo hududidagi vaziyat qanday? Bu voqealar O‘zbekiston tranzit imkoniyatlariga qay darajada ta’sir qiladi?

– Bizda havo hududidan foydalanishda ham, tranzit bo‘yicha ham biror jiddiy o‘zgarish yo‘q, hammasi bir maromda davom etmoqda.

– O‘zbekistondan Rossiya shaharlariga parvozlar sonida qanday o‘zgarishlar bor?

– Hammasi belgilangan jadval bo‘yicha amalga oshirilyapti, favqulodda o‘zgarish yo‘q. Odatda har yili bahor oylarida Rossiya yo‘nalishida qatnovlar talabga ko‘ra ko‘payadi. Bu yil vaziyat qanday bo‘lishini tez orada bilib olamiz.

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways joriy yilning 20 fevralidan yakshanba kunlari Toshkent – Rostov-Don – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgan. 23 fevraldan esa chorshanba kunlari Toshkent – Krasnodar – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid