AQSh Rossiya samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopdi
Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya samolyotlari uchun havo hududini yopdi. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressga murojaatida aytdi.
AQSh senatorlari va kongressmenlari prezident nutqini tinglab, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun sariq va ko‘k rangli lentalarni taqib oldi. Mamlakat elchisi Oksana Markarova maxsus faxriy mehmon sifatida AQSh birinchi xonimi Jill Baydenning yonida o‘tirdi.
«Putin juda xato ish qildi. U Ukrainaga kirsa, dunyo ostin-ustun bo‘lib ketadi, deb o‘yladi. Buning o‘rniga o‘zi kutmagan yoki tasavvur qilmagan kuch devoriga duch keldi. U Ukraina xalqi bilan uchrashdi», dedi Bayden Kongressga murojaatida.
Qayd etilishicha, AQSh Adliya vazirligi qoshida maxsus guruh ishlaydi, uning maqsadi - «Rossiya oligarxlarining jinoyatlarini tergov qilish» bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, AQSh Rossiya aviakompaniyalari uchun osmonni yopadi. Bu haqda 2 mart kuni rasman e’lon qilinadi.
Bayden yangilikdan xavotirga tushgan amerikaliklarni tinchlantirdi. «Bu davr tarixi yozilsa, Putinning Ukraina bilan urushi Rossiyani zaiflashtiradi, butun dunyoni esa kuchliroq qiladi», dedi AQSh prezidenti.
Ma’lum qilinishicha, AQSh va ittifoqchilar Ukrainaga harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam sifatida 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratadi.
Avvalroq, Bayden Ukrainaga zudlik bilan 600 mln dollar ajratilishini e’lon qilgandi.
Jo Bayden davlat kotibi Entoni Blinkenga Ukrainaga zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatish huquqini beruvchi memorandum imzoladi.
«Ukrainaga zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatish maqsadida davlat kotibiga quyidagi vakolatlarni topshiraman: AQShning 250 million dollargacha bo‘lgan miqdorda yordam ko‘rsatishi mamlakat xavfsizlik manfaatlari uchun muhimligini aniqlash vakolati, Mudofaa vazirligining mudofaa mahsulotlari va xizmatlari ko‘rinishida umumiy qiymati 350 million dollargacha bo‘lgan mablag‘larni yuborish vakolati», deyiladi hujjatda.
Jo Bayden ma’muriyati AQSh Kongressi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga Vashington javob choralarini ko‘rish uchun dastlab 6,4 milliard dollar ajratishini istamoqda, deb yozadi AP.
Mablag‘lar birinchi navbatda mintaqaga harbiy va gumanitar yordam uchun yo‘naltirilishi kerak, deya xabar bergan so‘rovdan xabardor uch nafar manba.
Mavzuga oid
10:12
AQShda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni aytildi
08:31
AP: AQSh Ukrainaga 275 mln dollarlik harbiy yordam ajratmoqda
08:02
AQSh Gonsalesni Venesuelaning saylangan prezidenti sifatida tan oldi
01:16