Jahon | 19:49 / 02.03.2022
32553
9 daqiqa o‘qiladi

Daromadlar kamayishi, ishsizlik va narxlar oshishi: urushning Markaziy Osiyodagi ehtimoliy oqibatlari

Rossiyadagi millionlab mehnat muhojirlari real ish haqining kamayishi va yangi ish o‘rinlari ochilishining to‘xtashi bilan yuzlashmoqda. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat va energiya narxlari oshishi mumkin. Iqtisodchi Behzod Hoshimov mulohazalari.

Foto: AP Photo/Vadim Ghirda

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Twitter'dagi sahifasida Rossiyaning Ukrainaga hujumi va sanksiyalar Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqidagi mulohazalari bilan bo‘lishdi.

Pul o‘tkazmalari

Birinchidan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiyadan pul o‘tkazmalariga juda bog‘liq.

Budjetining 50 foizi atrofidagi miqdori faqat pul o‘tkazmalari hisobiga shakllanadigan Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston pul o‘tkazmalariga eng kam bog‘liq bo‘lgan davlat hisoblanadi.

Qirg‘iziston va Tojikistondagi vaziyat bundan ham yomonroq – pul o‘tkazmalari yalpi ichki mahsulotga nisbatan ikki xonali sonda. Agar pul o‘tkazmalari 50 foizga kamaysa, bu yil jiddiy retsessiya kutilishi mumkin.

Tojikistonda pul o‘tkazmalari yalpi ichki mahsulotning 30 foizini tashkil qiladi, bu miqdor 2 barobarga qisqarishi juda jiddiy muammodir. Kovid shoki qisqa muddatli bo‘lgandi, biroq bu unday emas.

Qozog‘iston Rossiya bilan iqtisodiy ittifoqning bir qismi bo‘lsa-da, ehtimol u urush shokiga nisbatan eng chidamli davlat hisoblanadi.

Rubldagi pul o‘tkazmalari hajmi bir xilda saqlanib qolgan taqdirda ham (bu optimistik taxmin) O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston devalvatsiya tufayli pul o‘tkazmalarining keskin pasayishiga duch keladi.

Mehnat bozori

Yana bir zarba mehnat bozori bilan bog‘liq bo‘ladi: yomon iqtisodiy sharoitlar ishchi kuchiga talab va ish haqining qisqarishiga olib keladi. Eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratilmaydi.

Eng ko‘p tashvishga soladigan narsa qimmatli qog‘ozlar emas, balki (ishchi kuchi) oqimdir. Ya’ni O‘zbekistonda har yili 450 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rta maktabni tamomlaydi va ularning 10 foizdan kamrog‘i oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiradi. Mamlakatda bo‘sh ish o‘rinlari soni cheklangan.

Xo‘sh, yoshlar qayoqqa ketyapti?

Ishsiz yoshlar ish izlab ko‘pincha Rossiya va Qozog‘istonga ketadi. Agar Rossiyada iqtisodiy muammolar yuzaga kelsa, yuz minglab o‘zbekistonlik maktab bitiruvchilarining kuzda boradigan joyi qolmaydi. Bu juda ham jiddiy va misli ko‘rilmagan muammolar tug‘diruvchi masaladir.

Tojikistonda ham shunga o‘xshash tendensiya mavjud – bu yerda “ishsizlar oqimi” muammosi aksiyalar muammosidan ko‘ra muhimroq. Ishchi kuchining 20 foizdan ortig‘i Rossiyada rasmiy ravishda band bo‘lishiga qaramay, ishga yollanish va ishchi kuchiga bo‘lgan talabning pasayishi bir qator salbiy tashqi ta’sirlarga ega bo‘lishi mumkin.

Markaziy Osiyo yoshlari Rossiyaga ishlashga borish uchun o‘z xavfsizligini qurbon qilishga tayyor. Menimcha, Rossiyaga avtobusda ketmoqchi bo‘lgan 52 nafar o‘zbekistonlik tiriklayin yonib ketganini eslash mumkin.

Tranzaksiya xarajatlari

Endi, agar Rossiya kapital ustidan nazorat o‘rnatsa yoki mamlakat bank sektoriga to‘liq sanksiya qo‘yilsa, migrantlar uylariga (Markaziy Osiyo davlatlariga) pul jo‘natishlari uchun tranzaksiya xarajatlari sezilarli darajada oshadi.

Bu ko‘pchilik uchun ajablanarli holat bo‘lishi mumkin, ammo Western Union (yoki uning Rossiyadagi analoglari) va banklar kabi rasmiy pul o‘tkazmalaridan foydalangan holda uyga pul jo‘natish eng keng tarqalgan usul hisoblanadi.

Agar Rossiyada “rasmiy” va norasmiy dollar kursi paydo bo‘lsa, bu undan-da ayanchli yakun degani. Allaqachon 10 foizlik farq yuzaga kelib bo‘lgan. Bu shuni anglatadiki, alaloqibat mehnat muhojirlarining real daromadlari kamroq bo‘ladi va uyga pul jo‘natish bilan bog‘liq tranzaksiya xarajatlari oshadi.

Asosiy masala esa migrantlar uchun ishchi kuchiga bo‘lgan talabning pasayishi hamda mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun imkoniyatlarning cheklanishi bo‘ladi.

Ikki xil ta’sir: makrobarqarorlik va uy xo‘jaligi darajasi

Makroiqtisodiy barqarorlik nuqtayi nazaridan O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonga nisbatan yaxshiroq harakat qilmoqda, shuning uchun men O‘zbekiston haqida fikr bildiraman. O‘zbekistonning dollarda denominatsiya qilingan qarzi bor va valuta tushumlarining kamayishi uning valutasi (so‘m)ga bosim o‘tkazadi.

O‘zbekistonning yo‘qotishlarni qoplay oladigan qiymatli eksport tovarlari – gaz va oltini bo‘lishiga qaramay, urushning mamlakat iqtisodiyotiga yetkazadigan ta’sir darajasi qanday bo‘lishini aytish qiyin. Lekin makroiqtisodiy barqarorlik uchun jiddiy muammolar yuzaga kelishi aniq.

Uy xo‘jaliklari darajasida, ayniqsa oziq-ovqat narxlari inflatsiyasi va tuproq eroziyasi bilan bog‘liq xavotirlarni hisobga olsak, vaziyat optimistik emas.

“Urush shoki” aholining eng zaif qatlamlari – ayollar, bolalar va mehnat muhojirlarining ota-onalariga ta’sir qiladi.

Oziq-ovqat muammosi

Rossiya ham, Ukraina ham Markaziy Osiyoga ko‘plab turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beradi. Shakar, don, bug‘doy, yog‘, urug‘lar, un, go‘sht va boshqalar Rossiya, Yevropa ittifoqi, Qozog‘iston va Belarusdan keladi.

Urush va sanksiyalar ishlab chiqarish quvvatini pasaytiradi va ta’minotning qisqarishi hamma joyda narxlarni oshiradi.

Markaziy Osiyodagi kambag‘allar uchun oziq-ovqat xarajatlari oylik xarajatlarining hammasi bo‘lmasa ham, katta qismini tashkil qiladi. O‘zbekistonliklarning 10 foizdan ortig‘i oziq-ovqat ta’minotidan aziyat chekmoqda. Oziq-ovqat muammosini Qirg‘iziston bilan solishtirish mumkin, biroq O‘zbekistondagi vaziyat Tojikistondan yaxshiroq.

Markaziy Osiyo davlatlari oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytira oladimi? Katta ehtimol bilan qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimi oshmayapti, xususiy qarz esa allaqachon oshgan. Mintaqaviy biznes xatarlari yana oshmoqda. Suv bilan bog‘liq vaziyat ham achinarli.

Energiya narxlari

Markaziy Osiyoda energoresurslarga hukumatlar tomonidan katta miqdorda subsidiyalar ajratiladi. Boshqa Markaziy Osiyo davlatlari ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari eng ko‘p, Qirg‘iziston esa eng kam energiyani subsidiyalaydi.

Energiya narxining oshishi katta moliyaviy yukni keltirib chiqaradi. Subsidiyalarni olib tashlash yoki narxlarni oshirish siyosiy jihatdan qimmatga tushadi. Yaqinda Qozog‘istonda yuzaga kelgan vaziyatni eslatish kifoya bo‘lsa kerak.

Energiya narxlari hukumatlar o‘ylashi kerak bo‘lgan asosiy bosh og‘rig‘i hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlarini energiya bilan ta’minlashda Rossiyaning ta’siri katta.

Hukumat majburiyatlari oshadi

Oziq-ovqat va energiya inflatsiyasi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli hukumat uchun fiskal majburiyatlar oshishda davom etadi. Siyosiy vaziyat keskinligi sabab, energiya subsidiyalarini olib tashlash kabi xarajatlarni kamaytirish islohotlari chidab bo‘lmas darajada qimmatga tushdi. O‘z navbatida ular (MO davlatlari) tashqi kreditlarga muhtoj, lekin bu bilan davlat qarzlari ham oshadi.

Islohotlarni amalga oshirish uchun kuchli siyosiy iroda talab etiladi. Siyosatchilarning yaxshi variantlari ko‘p emas – asosiysi, narxlarni nazorat qilish yoki avtokratiya kuchayishi kabi iqtisodiy xatolarga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Muxtasar qilib aytganda, bu ajablanarli bo‘lishi mumkin, ammo Rossiyadagi jiddiy iqtisodiy retsessiyalar hali Rossiya bilan ittifoqqa kirmagan Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham juda katta ta’sir qiladi.

Men Markaziy Osiyodagi kambag‘al qatlamlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatayotgan oziq-ovqat, elektr ta’minotidagi uzilishlar, valuta tushumlarining qisqarishi va gaz narxining oshayotganidan xavotirdaman.

Rossiyadagi turg‘unlik natijasida bo‘sh ish o‘rinlarining qisqarishi ichki mehnat bozorlariga kuchli bosim o‘tkazadi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid