Jahon | 01:02 / 02.03.2022
18827
2 daqiqa o‘qiladi

«Shimoliy oqim-2» ishga tushib ulgurmay bankrot e’lon qilishi kutilmoqda

Foto: Reuters

Rossiyadan Yevropaga gaz yetkazib berish uchun qurilgan va hali ishga tushmagan «Shimoliy oqim-2» gaz o‘tkazgichi operator-kompaniyasi «Nord Stream 2 AG» bankrotlik e’lon qilish arafasida turibdi. Bu haqda Shveytsariya televideniyesiga asoslanib TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Oldinroq Reuters o‘z manbalariga asoslanib «Shimoliy oqim-2» operatori bankrotlik e’lon qilishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi. Rossiya davlat axborot agentligi bo‘lmish TASS bu ma’lumotni tasdiqladi.

«Shimoliy oqim-2»ning operator kompaniyasi bo‘lmish «Nord Stream 2 AG» allaqachon 106 nafar xodimini ishdan bo‘shatgan. Kompaniya hatto maosh to‘lashga ham layoqatsiz bo‘lib qolgani uchun bankrotlik e’lon qilishga majbur. Bunga Rossiya LXR va DXRni tan olgach, AQSh tomonidan kiritilgan sanksiya sabab bo‘lgan.

Shveytsariyada joylashgan «Nord Stream 2 AG» Rossiyaning «Shimoliy oqim-2» gaz o‘tkazgichi operatori hisoblanadi va u «Gazprom»ga tegishli. 11 milliard dollar evaziga qurilgan trubali gaz o‘tkazgich rus gazini Yevropaga sotishga mo‘ljallangan.

22 fevral kuni Germaniya hali ishga tushishga ulgurmagan o‘tkazgich uchun sertifikatsiya jarayonini to‘xtatib qo‘ygandi. Ertasi kuni AQSh tomonidan «Nord Stream 2 AG» operatoriga nisbatan sanksiya qo‘llandi. Germaniya va AQSh Rossiya DXR va LXRni tan olgach, shunday choralar ko‘rgandi.

Gaz o‘tkazgich qurilishi 2021 yil 10 sentyabrda to‘liq tugatilgandi. Avvaliga uning qurilishi 2019 yil tugashi kutilgan, ammo AQSh sanksiyalari sabab qurilish 2 yilga kechikib ketdi. «Shimoliy oqim-2» yiliga 55 milliard kubometr gaz o‘tkazish quvvatiga ega. Rossiyadan boshlangan o‘tkazgich Boltiq dengizi orqali Germaniyagacha boradi.

Mavzuga oid