Samarqandda so‘nggi paytlarda lift va kuzatuv kameralariga qasddan shikast yetkazuvchi shovvozlar ko‘paygani rost. Lift ichidagi kamera qarshisida o‘zini tutolmay qolayotganlarning aksariyati negadir Qorasuv massividan bo‘lib chiqyapti.

Eng oxirgi holatga ham ko‘p bo‘lmadi, 23 fevral kuni Qorasuvdagi 83-ko‘p qavatli uyning liftida jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan yigitga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Qorasuvliklar Kun.uz'ga murojaat qilib, bu kabi holatlarning ko‘payganini hududdagi liftlarga maxsus chip o‘rnatilgani va o‘sha matohsiz lift ishlamasligi bilan bog‘lashdi. Qorasuv massivida bo‘lib, 16 qavatli uylarning hovlisida nabiralarini o‘ynatib turgan onaxonlarni suhbatga tortdik.



Nazokat Abduvoyitova Oqdaryodan nabiralariga qarab turish uchun Qorasuvga – o‘g‘lining uyiga kelib turadi. Onaxonning aytishicha, uning qo‘lida lift uchun ishlatiladigan maxsus chip yo‘q, odatda kimdir liftga kirmoqchi bo‘lsa, u bilan birgalikda qo‘shilib chiqib-tushadi. Yonida chip bo‘lmagani uchun bir safar nabiralari bilan liftda yarim soatdan ortiq qamalib qolganini aytdi. Onaxon 11-qavatda yasharkan.
Liftlarga chip o‘rnatilgani nafaqat keksa insonlar, balki yoshlar uchun ham noqulaylik keltirib chiqarayotganiga guvoh bo‘ldik.

Ko‘p qavatli uy hovlisida turgan uchinchi guruh nogironi Shahnoza Quvvatova «O‘zim-ku mayli, hozir keksa yoshli mehmonimiz kelyapti, ularni qanday olib chiqaman, xijolat bo‘lib turibman», dedi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qorasuvdagi 16 qavatli uylar liftiga kamera va chip o‘rnatilgan, shu uylarda yashovchi aholi va ularning mehmonlarida chip bo‘lmasa liftdan foydalana olishmaydi. Tasavvur hosil qilish uchun aytish lozim: kimdir liftga kirsa, avtomat tarzda eshik yopiladi va o‘sha vaqtda qo‘lida chip bo‘lmagan inson hech qanday harakatlana olmaydi. Lift na ko‘tariladi, na eshik ochiladi. Toki tashqaridan kimdir kelib ochmasa yoki lift nazoratchilari sizning qamalib qolganingizni bilishmasa.





















