O‘zbekiston | 07:33 / 03.03.2022
4138
3 daqiqa o‘qiladi

Daraxtlarni noqonuniy kesganlarga 100 tup ko‘chat ekish va uch yil parvarish qilish majburiyati yuklatiladi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezidentning “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq:

butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilgan;

davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarga:

  • ruxsatnoma asosida kesilgan har bir daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish;
  • noqonuniy kesilgan har bir daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida qo‘shimcha 100 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklatiladi.

Daraxt va butalarni kompensatsiya tarzida ekish yuridik va jismoniy shaxslarni daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma berilgani uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladigan yig‘imni yoki ularni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki ko‘chirib o‘tkazganlik uchun ma’muriy jarimalarni to‘lashdan ozod qilmaydi.

Kompensatsiyaviy ekish joylari qoida tariqasida hududlarda tashkil etilgan “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”, shuningdek, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun mo‘ljallangan boshqa hududlardan tanlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid