O‘zbekiston | 17:21 / 05.03.2022
9814
2 daqiqa o‘qiladi

Allamjonov O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi diplomatlariga minnatdorchilik bildirdi

"Siz xizmat qilayotgan sharoitni tinch yurtda o‘tirib tasavvur qilish qiyin. Shu bilan birga Transport vazirligi, umuman, barcha ma’sullarga ming rahmat" deb yozdi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Men Alisher Qurmonov boshchiligidagi O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi diplomatlariga fuqarolarimiz evakuatsiyasida faol xizmat ko‘rsatayotganliklari uchun katta rahmat aytmoqchiman. Siz xizmat qilayotgan sharoitni tinch yurtda o‘tirib tasavvur qilish qiyin”, deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.

U shuningdek, mazkur ishda ishtirok etayotgan boshqa mas’ullardan ham minnatdorligini bildirdi.

Foto: uzbekistan.org.ua

“Shu bilan birga Transport vazirligi, umuman, barcha mas’ullarga ming rahmat.

Barchangiz Prezident qo‘ygan vazifa va siyosatining fidoyi ijrochisisiz!”, deya ta’kidladi Allamjonov.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lumot berishicha, 4-5 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 666 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shu jumladan, 89 nafar ayollar, 59 nafar voyaga yetmagan shaxslar va 8 nafar chaqaloq olib kelindi.

28 fevraldan 5 martga qadar 14 ta aviareys tashkillashtirildi va 3 245 nafar vatandoshimiz qaytarildi. 5 martga qator reyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning Kiyev shahridagi elchixonasi sa’y-harakatlari bilan Truskavets shahrida davolanayotgan 20 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Sumi oblasti ma’muriyati bilan bu yerdagi oliygohlarda o‘qiyotgan 25 nafar o‘zbek talabasini olib chiqish uchun «yashil yo‘lak» ochish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid