O‘zbekiston | 20:47 / 06.03.2022
13375
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘qituvchi o‘zini o‘nglab olmasa, talabada darsni tashlab chiqib ketishga iroda paydo bo‘ladi» - Abduqodir Toshqulov

Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan yig‘ilishda OTMlarda yaratilgan sharoit va dars berish sifatiga tanqidiy to‘xtalib, rektorlarni yana bir bor faollikka chaqirdi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

«Bugun talaba bizdan nima so‘rayapti? Men deyarli barcha OTMlarga borib, biror rahbar, biror o‘qituvchisiz uchrashuv o‘tkazyapman.

Qarang, talabalar mendan nimani so‘rayapti? Sifatli ta’limni. Axir, biz bunga majburmiz-ku. Shuning uchun oylik olamiz-ku. Shuning uchun bo‘yinbog‘ taqib yuribmiz-ku. Shuning uchun bizni hozir mahallada hurmat qilishadi-ku. Avval hurmatimiz yo‘q edi-ku.

O‘quv xonalarini so‘rashyapti. Talabalarga xonalar yetmayapti. Hozir rahbarlar ko‘proq kontingent bilan ko‘proq pul topishga qiziqadi. Chunki ular bino qurib, maqtanishi kerak. Ta’lim sifati bilan esa hech kimning ishi yo‘q.

Talabalar mendan ustozlarning yaxshi muomalasi va munosabatini so‘rayapti. Amaliyot so‘rayapti. Amaliyot kam deyishyapti. Laboratoriya va axborot resurs markazi uchun noyob kitoblarni so‘rayapti. Ololgan kitobingizdan mingta olib kelganingiz kimga kerak, agar u talaba sotib ololmaydigan kitob bo‘lmasa. Kecha bitta besseller o‘zbek tiliga tarjima bo‘ldi, shundan 500 dona olib kelib qo‘yadigan mard kerak.

Axborot resurs markazlarini ko‘ring, oxirgi yillarda chiqqan kitoblar yo‘q.

Talaba sport zali, sport jihozlari so‘rayapti, musiqa asbobi so‘rayapti. Mana rektor, mana rahbariyat nima ishlarni qilib qo‘yishi kerak.

Hali yangi haftada bo‘ladigan yig‘ilishda ba’zi rektorlarimiz ayyuhannos soladi, biz shuncha ish o‘rni yaratamiz, sex ochamiz deya. Bu yog‘ini qilib qo‘y avval. Hamma narsani qog‘ozga o‘rab bo‘ladimi?

U talaba ertaga maktabga ishga boradi-ku. Bilib qo‘ying, o‘qituvchi o‘zini o‘nglab olmasa, talabada darsni tashlab chiqib ketishga iroda paydo bo‘ladi. Kechirasiz, domla, bu darsingiz to‘g‘ri kelmaydi, men darslar uchun pul to‘layapman, deydi. Chiqib, o‘qituvchini sharmanda qilib ketadi», – degan vazir.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid