O‘zbekiston | 07:48 / 08.03.2022
4490
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona va Namanganda maktabgacha ta’lim klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona va Namangan viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini malakasini oshirish bo‘yicha maktabgacha ta’lim klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Farg‘ona hamda Namangan viloyati hokimliklarining tajriba-sinov tariqasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini malakasini oshirish bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan maktabgacha ta’lim klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Maktabgacha ta’lim klasterlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

pedagog kadrlarga o‘z faoliyatida interfaol o‘rgatuvchi dasturlar va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llashni o‘rgatish uchun tinglovchilarga qulay hududlarda sayyor malaka oshirish kurslari, seminar-treninglar va master-klasslar tashkil etish;

rahbar va pedagog kadrlarga doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, kasbiy o‘sishning individual trayektoriyasini tanlash va amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

maktabgacha ta’limning boshlang‘ich ta’lim bilan uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, ta’lim jarayoniga milliy ruh va vatanparvarlik g‘oyalarini singdirish hamda maktabgacha ta’lim va tarbiya sifati bo‘yicha yagona metodik yondashuvlarni joriy qilish.

Belgilanishicha:

tajriba-sinov jarayoni joriy yilning 1 aprelidan boshlanib
1 iyulga qadar davom etadi;

tajriba-sinov jarayonida malaka oshirish kurslarining umumiy davomiyligi 36 soatni tashkil qiladi;

Farg‘ona maktabgacha ta’lim klasteri Qo‘qon universiteti, Qo‘qon pedagogika kolleji va davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, Namangan maktabgacha ta’lim klasteri Namangan davlat universiteti, Namangan pedagogika kolleji va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma asosida tashkil etiladi;

maktabgacha ta’lim klasterlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan vaqtinchalik tartib asosida amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid