O‘zbekiston | 20:53 / 10.03.2022
5381
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident birinchi Toshkent xalqaro investforumida taqdim etiladigan loyihalar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu forum 24-26 mart kunlariga rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Forumda xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalar, 56 ta davlatdan 1,5 ming nafardan ziyod yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo tarraqiyot banki prezidentlari, vazirlar, yirik korporatsiya va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Forum doirasida yalpi majlis va sho‘’ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, brifinglar kabi 40 dan ortiq tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Rasmiy relizga ko‘ra, mazkur anjuman mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan istiqbolli loyihalarning taqdimot platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Yig‘ilishda forumga tayyorgarlik ishlarining borishi haqida axborot berildi.

Davlat rahbari bunday investitsiya forumi O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratib, uni yuqori darajada tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mamlakatimizning xalqaro biznes hamjamiyatiga ochiqligini namoyish etish, har bir tarmoq va hududning investitsion salohiyatini ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi. Yirik loyihalarga ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha aniq natijalarga erishish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid