O‘zbekiston | 19:03 / 11.03.2022
10848
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda Rossiyaga aviachipta olgan yo‘lovchilar reys bekor qilingan bo‘lsa-da, pulini qaytarib ololmayapti

Xorazm viloyati, Urganch shahrida «Urganch – Sankt-Peterburg» yo‘nalishi bo‘yicha Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasi reyslariga aviachipta olgan yo‘lovchilar parvoz bekor qilingan bo‘lsa-da, chipta pulini qaytarib olisholmayapti.

Fuqaroning murojaat qilishicha, u 3 mart kuni Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasining «Urganch – Sankt-Peterburg» yo‘nalishi bo‘yicha 24 mart kuni parvoz qilishi rejalashtirilgan S7-6416 reysiga 2 mln 380 ming so‘mga chipta xarid qilgan. Biroq, aviakompaniya 5 mart kunidan boshlab xalqaro reyslarni bekor qilgan. Shunday bo‘lsa-da, 11 mart kuni holatiga chipta puli qaytarilmagan.

S7 Airlines aviakompaniyasi 5 martdan boshlab barcha xalqaro reyslarni, jumladan O‘zbekistonga reyslarni ham bekor qilgan.

«Bekor qilingan xalqaro reyslarning yo‘lovchilari SMS xabarnoma olganidan keyin chipta qiymatini to‘liq qaytarib olishni rasmiylashtirishi mumkin» deyiladi S7 Airlines kompaniyasi xabarida.

Yo‘lovchi reys bekor qilingani va chipta pulini qaytarib olish uchun aviakassaga murojaat qilishi lozimligi to‘g‘risida SMS xabarnoma olgan. Shundan so‘ng, chipta sotib olingan «Nilufar avia parvoz» MChJ kassasiga murojaat qilgan. Biroq, oradan qariyb 1 hafta o‘tgan bo‘lsa-da, chipta puli qaytarilmagan.

S7 Airlines aviakompaniyasining Xorazm viloyati bo‘yicha koordinatori bergan ma’lumotga ko‘ra, barcha aviakassalarga puli qaytariladigan chiptalar ro‘yxatini tuzish va kompaniyaga yuborish topshirig‘i berilgan. Bunday ro‘yxatlarni qanday shakllantirish bo‘yicha kassirlarga batafsil tushuntirish ham berilgan. Chipta pulini qaytarish esa faqatgina chipta sotib olingan kassalar orqali amalga oshiriladi.

«Nilufar avia parvoz» MChJ aviakassasi xodimi bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirgi paytda S7 Airlines aviakompaniyasi reysi chiptasi pulini qaytarib olmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar ro‘yxati shakllantirilgan va kompaniyaga yetkazilgan, ammo chipta pullari hali qaytarilmagan. Qachon qaytarilishi haqida ham hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Aviakassa faqat S7 Airlines aviakompaniyasi chipta pullarini qaytarib berganidan keyingina yo‘lovchilar bilan to‘liq hisob-kitob qila olishini bildirdi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid