O‘zbekiston | 14:54 / 14.03.2022
11006
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda o‘quvchilar maktabga yashirincha kirib, ko‘rgazmali qurollarni buzib, yoqib yubordi

3 nafar o‘quvchi va bir nafar voyaga yetgan shaxs Forish tumanidagi 13-maktabning ko‘rgazmali qurollariga zarar yetkazish, ularni yoqib yuborish orqali maktabga 2,5 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Foto: Forish tumani hokimligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Forish tumanidagi maktablardan birida noma’lum shaxslar tomonidan maktab mulkiga zarar yetkazilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: Forish tumani hokimligi

Forish tumani hokimligi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

“Forish tuman IIB tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda bildirilishicha, 26 fevraldan 27 fevralga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar tumandagi Oybek mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika amaliyot xonasi derazasi oynasini sindirib kirib, uning ichida bo‘lgan 3 dona geografik xaritasi, 2 dona geografik globusi, 3 dona dars jadvali, stol tennis anjomlari (qo‘l tennis to‘pchasi va raketkasi), mikroskop, indikator, tarozilariga qasddan shikast yetkazib, yaroqsiz holatga keltirgan va 3 dona devor qog‘oz bannerlarini yirtib tashlab, yoqib yuborgan”, deyiladi tuman hokimligi munosabatida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman IIB tomonidan tergovga qadar olib borilgan surishtiruv ishlari davomida bu holatni 13-maktabning 9 va 10-sinf o‘quvchilari M.M., X.Y. va F.M. hamda voyaga yetgan Sh.Y.lar sodir etgani aniqlangan. Ularning harakatlari natijasida maktab mulkiga jami 2,5 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

Qayd etilishicha, Forish tuman prokuraturasida huquqbuzarlik sodir etgan o‘quvchilar M.M., X.Y. va F.M. hamda Sh.Y.lar sodir etgan huquqbuzarlik ularning ota-onalari, mahalla yoshlar yetakchisi, xalq ta’limi bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari o‘rtasida tanqidiy muhokama qilingan.

Foto: Forish tumani hokimligi

“Muhokama natijasida maktabga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanib, uch nafar voyaga yetmagan shaxslarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan (voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelish) hamda 1 nafar voyaga yetgan shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-2-moddasiga asosan (o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) ma’muriy ish qo‘zg‘atildi”, deb ma’lum qildi hokimlik.

Mavzuga oid